Yevropa Chempionlar ligasiga bugun qur'a tashlanadi: «Real» va «Barselona»ni kuchli raqiblar kutmoqda
YChL finali 5-iyun kuni Madriddagi «Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Bugun, 27-avgust kuni Monakoda UEFA Chempionlar ligasi 2026/27-yilgi mavsumining umumiy bosqichiga qur’a tashlanadi. Musobaqada ketma-ket uchinchi mavsum 36 ta klub ishtirok etadi.
Qur’a marosimi Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.
Jamoalar UEFA reytingiga ko‘ra to‘rtta savatchaga ajratiladi. Har bir klub umumiy bosqichda 8 ta uchrashuv — 4 ta uyda va 4 ta safarda o‘tkazadi. Jamoalar har bir savatchadan ikkitadan raqibga duch keladi. Bir mamlakat vakillari umumiy bosqichda o‘zaro to‘qnash kelmaydi.
Birinchi savatchadan «PSJ», «Bavariya», «Real», «Liverpul», «Inter», «Manchester Siti», «Arsenal», «Barselona» va «Atletiko» joy olishi kutilmoqda.
Shu sababli «Real» va «Barselona» o‘zaro yoki «Atletiko» bilan o‘ynay olmaydi. Madridliklar va kataloniyaliklarga birinchi savatchadan «PSJ», «Bavariya», «Liverpul», «Inter», «Manchester Siti» hamda «Arsenal» orasidan ikkitadan raqib tushishi mumkin.
Turnirning yana bir qiziqarli jihati — Ozarbayjonning «Sabah» klubi tarixida ilk bor Chempionlar ligasining umumiy bosqichida ishtirok etadi. To‘rtinchi savatchadan joy olgan jamoa kamida ikki nafar birinchi savatcha vakiliga qarshi maydonga tushadi.
Chempionlar ligasining dastlabki tur uchrashuvlari 8–10-sentabr, umumiy bosqichning so‘nggi turi esa 2027-yil 27-yanvar kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Final 5-iyun kuni Madriddagi «Metropolitano» stadionida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.