Yevropa chempionlar ligasi yarim finalchilari ma’lum
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining 1/4 final bosqichidan o‘rin olgan so‘nggi ikki uchrashuv o‘tkazildi va yarim finalga chiqqan barcha jamoalar nomi aniq bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, chorak final doirasida “Bavariya” o‘z uyida Madridning “Real” klubini qabul qilib, 4:3 hisobida ustun keldi. Uchrashuvnining 1-daqiqasida mezbonlar posboni Manuel Noyer qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va bu vaziyatdan Arda Gyuler unumli foydalanib, to‘pni uzoq masofadan bo‘sh darvozaga joylab qo‘ydi. Ushbu goldan besh daqiqa o‘tib, Aleksandr Pavlovich burchakdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.

Birinchi bo‘limning 29-daqiqasida Arda Gyuler jarima zarbasini aniq bajardi va Noyer darvozasiga ikkinchi golni urdi. 38-daqiqaga kelib, Harri Keyn “Bavariya”ning ikkinchi goliga mualliflik qildi. Bo‘lim so‘ngida Kilian Mbappe hisobni 3:2 ko‘rinishiga olib keldi.

Ikkinchi bo‘limning 86-daqiqasida zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Eduardo Kamavinga ikkinchi sariq kartochkasini olib, maydonni tark etdi. 89 va 94-daqiqalarda Luis Dias va Maykl Olise “Real” darvozasiga gol urdi va o‘yin taqdirini hal etdi. Shu tariqa, “Bavariya” ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra, 6:4 hisobida zafar quchdi va yarim finalga yo‘l oldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, “Bavariya” klubi 2012-yildan beri ilk bor Chempionlar ligasida “Real” to‘sig‘idan o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bunga qadar “Real Madrid” Chempionlar ligasining chorak va yarim finallarida ketma-ket 4 marotaba “Bavariya”dan ustun kelgan.
Darvoqe, Vensan Kompani shogirdlari oxirgi marta 24-yanvar kuni Bundesliga doirasida “Augsburg” klubiga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi. O‘shandan beri jamoa barcha musobaqalarda 14 ta g‘alaba va 2 ta durang qayd etdi.
Shuningdek, “Bavariya” hujumchisi Harri Keyn Yevropa chempionlar ligasida “Real” darvozasini ishg‘ol qilib, mavsumdagi gollari sonini 50 taga yetkazib oldi.
“Bavariya” Chempionlar ligasida keyingi bosqichga chiqqani va Bundesliga o‘yinlari davom etayotganini inobatga olsak, Harri Keynda Erling Holand rekordini to‘liq yangilash imkoni bor.
Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe esa bu uchrashuvdagi goli evaziga bir mavsumda Yevrokuboklar doirasida 10 ta safar o‘yinida to‘p kiritgan tarixdagi birinchi o‘yinchiga aylandi. Kilian Mbappe qit’aning eng nufuzli musobaqasi davomida raqib maydonidagi bahslarda “Qayrat”ga uchta, “Olimpiakos”ga to‘rtta, “Benfika”ga ikkita gol urgan.
Umuman olganda esa Mbappe Chempionlar ligasi joriy mavsumida 11 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini jami 15 marotaba ishg‘ol qildi.
Endi esa chorak final doirasidagi so‘nggi o‘yin haqida to‘xtalib o‘tamiz. Londonning “Arsenal” jamoasi Chempionlar ligasi chorak final javob o‘yinida “Sporting” bilan durang (0:0) o‘ynadi va turnir yarim finaliga chiqdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Mikel Arteta shogirdlari Chempionlar ligasining joriy mavsumidagi 12 ta uchrashuvda birorta ham mag‘lubiyatga uchramadi.
YeCHL musobaqasining yarim finalida “PSJ” (Fransiya) – “Bavariya” (Germaniya) va “Atletiko” (Ispaniya) – “Arsenal” (Angliya) bilan kuch sinashadi. Ushbu o‘yinlar 28-29-aprel va 4-5-may kunlari bo‘lib o‘tadi. Zafar quchgan jamoalar Vengriyaning Budapesht shahridagi “Pushkash Arena” stadionida 30-may kuni bo‘lib o‘tadigan final o‘yinida bosh sovrin uchun raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA