"Yettiguzar"liklarning muammosi bartaraf etildi
Sirdaryo viloyati Xovos tumanining Yettiguzar mahallasi aholisining ko‘p yillik muammosiga yechim topildi.
Mahalla aholisi bir necha vaqt avval Koinot ko‘chasidagi elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo yuzasidan Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edi.
Murojaat asosida tuman elektr ta’minoti xodimlari tomonidan muammo o‘rganildi. Aniqlanishicha, elektr energiyasining kuchlanishi me’yorga javob bermaganligi tufayli aholiga ko‘plab noqulayliklar kelib chiqayotgandi.
Muammoni hal etish maqsadida elektr energiyasini me’yorda ta’minlaydigan 100 kVtli yangi transformator punkti o‘rnatildi.
–Elektr energiyasi bilan bog‘liq muammo, ayniqsa, Bekoboddan esadigan qattiq shamol va yog‘ingarchilik kunlari juda aniq bilinardi. Qisqa uzilishlar jonimizga tekkandi. Xalq qabulxonasining yordami bilan unga amaliy yechim topildi. Bundan butun aholimiz behad xursand", – deydi Yettiguzar mahallasi vakili Ne’mat Xalilov.
Bugun mahallada ko‘chalar yog‘ingarchilik, shamol esgan kunlarda ham charog‘on bo‘lib turibdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri