Yetti nafar bokschimiz oltin medalga da’vogar
Xabar berganimizdek, Qozog‘iston poytaxtida boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Yelorda kubogi” hal qiluvchi pallaga kirib bormoqda. Bugun, 4 iyul kuni nufuzli musobaqaning final janglari bo‘lib o‘tadi.
Musobaqada mezbonlardan tashqari Kuba, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Mo‘g‘uliston kabi boks olamida kuchli maktabga ega 10 dan ortiq mamlakat vakillari qatori hamyurtlarimiz ham ishtirok etmoqda.
Murosasiz o‘tgan saralash bellashuvlaridan keyin O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar erkak va 4 nafar ayol bokschilari bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, 7 nafar bokschimiz final bosqichiga yo‘l oldi.
Iste’dodli bokschi yigitlarimizdan Shahzod Muzaffarov, Dilshod Abdumurodov, Adhamjon Muhiddinov, Mujibillo Tursunov, Jahongir Zokirov, qizlardan Farzona Fozilova, Marjona Savriyeva, Navbahor Hamidova va Sohiba Ro‘zmetova 3-o‘rin sohiblari bo‘lishdi.
Bugun musobaqa finalida hamyurtlarimizdan 48 kilogrammda Asilbek Jalilov – Temirtas Jussupov (Qozog‘iston), 75 kg.da Saidjamshid Jafarov – Feletsiano Martines (Kuba), +92 kgda Lazizbek Mullajonov – Damir Toibay (Qozog‘iston), qizlardan 50 kg.da Sabina Boboqulova – Namiki Sukimi (Yaponiya), 52 kg.da Feruza Kazakova – Jana Shekerbekova (Qozog‘iston), 54 kg.da Nigina O‘ktamova – Boro Jamuna (Hindiston) hamda 57 kg og‘irlikda Sitora Turdibekova – Karina Ibragimova (Qozog‘iston) bilan oltin medallar uchun ringga ko‘tariladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA