YeTTB Samarqand rivojiga hissa qo‘shmoqchi
Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki birinchi vitse-prezidenti Yurgen Rigterink boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2023 yil may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yillik anjumaniga hozirlik ko‘rishdan iborat.
Shu munosabat bilan delegatsiya a’zolari tashrifni mazkur anjuman o‘tkaziladigan Samarqand xalqaro turistik markazi bilan tanishishdan boshladi. Shuningdek mehmonlar Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mijozi bo‘lgan Samarqand tumanidagi “Agromir” korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Ma’lumki, mazkur korxona YeTTBning 10 million dollarlik krediti hisobidan ishlab chiqarish jarayonini kengaytirdi.
Delegatsiya a’zolari kunning ikkinchi yarmida Samarqand viloyati hokimligida viloyat hokimi E. Turdimov bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, istiqboldagi loyihalar bo‘yicha fikr almashildi.
[gallery-8954]
E.Turdimov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining nufuzli anjumanini qabul qilishdan mamnun ekanligini qayd etdi. Bank bilan amaldagi hamkorlik bo‘yicha shahar jamoat transportini rivojlantirish maqsadida boshlangan elektrobuslar yetkazib berish bo‘yicha loyihani imkon qadar tezlashtirish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, bank bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar istiqboliga to‘xtalib, bevosita YeTTB bilan mahalliy yirik tadbirkorlik sub’ektlarining hamkorligi samarali bo‘lishini ta’kidladi. “Agromir” korxonasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik boshqa kompaniyalarning ham faoliyati rivojida muhim rol o‘ynashi qayd etildi. Bundan tashqari, Samarqand bugungi kunda ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanganligi, ushbu jarayonda shaharning infratuzilmasini rivojlantirish borasida qator loyihalar mavjudligini ta’kidlab, mazkur loyihalarni amalga oshirishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Yurgen Rigterink samimiy muloqot uchun minnatdorlik bildirgan holda Samarqand viloyati bilan hamkorlik aloqalaridan bank ma’muriyati mamnun ekanligini qayd etdi. Bevosita bankning yillik anjumanini Samarqandda o‘tkazish bo‘yicha dastlabki tashrif davomidagi taassurotlari bilan bugungisining o‘rtasida osmon bilan yercha farq borligini ta’kidladi. Ayniqsa, anjuman o‘tkazilishi belgilangan Samarqand xalqaro turistik markazining ko‘rkamligidan hayratini yashirmadi.
– Men ilk tashrif davomida qurilayotgan Samarqand xalqaro turistik markazining bugungi holatda bo‘lishini tasavvur ham qilmagan edim, – dedi Yurgen Rigterink. – Ko‘rib guvohi bo‘lgan yangi markazda bizning yillik anjumanimiz muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonaman. Bizning anjumanimiz SHHT sammitidek ulkan bo‘lmasa-da, xalqaro ahamiyat kasb etadi. Chunki, mijozlarimiz orasida dunyoning yirik kompaniyalari, ishbilarmonlari bor. Shu bois, tayyorgarlik jarayonini hozirdan boshladik. Bizning ishchi guruhimiz Samarqandda o‘z ishini boshladi. Tashkiliy masalalarga bank bosh kotibi Kazuxiko Koguchi boshchilik qiladi. O‘ylaymanki, anjumanimiz Samarqandda ijobiy samaralari bilan esda qolarli o‘tadi.
Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlarni tezlashtirish, kelgusidagi istiqbolli loyihalar bo‘yicha batafsil fikr almashildi, zarur yo‘nalishlar belgilab olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA