Yetarli oziq-ovqat zaxirasi yaratilmoqda
Jizzax viloyatida ham 2014-2015-yillar qish-bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jizzax viloyatida ham 2014-2015-yillar qish-bahor oylari uchun asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.Qish-bahor mavsumida aholining poliz va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash, bozorda narx-navoning barqaror bo‘lishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida viloyatdagi tayyorlov korxonalari, bozorlar uyushmalari, ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari, ijtimoiy muassasalar va boshqa tashkilotlar tomonidan rejadagi 22,2 ming tonna meva-sabzavotning 15 ming tonnadan ziyodi maxsus omborlarga jamlandi.
Viloyat ijtimoiy ta’minot muassasalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi tizimidagi muassasalarda qishga oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar o‘tgan yilga qaraganda ancha barvaqt bajarildi. Tizimdagi viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi, “Marjon suvi” sihatgohi, Zomin nogiron ayollar Muruvvat uyi muassasalarida qishki mavsum uchun 90,6 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratildi.
– Davlatimiz tomonidan ijtimoiy muassasalarga ko‘rsatilayotgan katta g‘amxo‘rlik tufayli qishki zaxira uchun yetarli mahsulot to‘liq g‘amlandi, – deydi Zomin tumanidagi nogiron ayollar Muruvvat uyi direktori Nishonboy Fozilov. – Mahsulot xarid qilish birja savdolari orqali maxsus tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgani katta qulaylik yaratmoqda. Kartoshka, piyoz, sabzi, sholg‘om, meva sharbati, quritilgan meva, guruch kabi zarur mahsulotlar maxsus omborxonalarda saqlanmoqda.
Viloyat xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi Mehribonlik uyi, internat va maxsus maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, shifoxonalar, davolash, sog‘lomlashtirish muassasalarida ham oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda 500 tonnadan ziyod mahsulot zaxiraga qo‘yildi.
Yig‘ib-terib olingan meva-sabzavotlarni sifatli saqlash bo‘yicha ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mavjud zamonaviy sovutish kameralaridan samarali foydalanish imkoniyati kengaytirilib, yangilarini qurish, eskilarini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-aprelda qabul qilingan “2011-2015-yillar davrida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Aholi ehtiyoji, hududda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi hisobga olinib, maxsus tayyorlov, ulgurji savdo tashkilotlari, bozorlar uyushmalari, korxona va tashkilotlar ham qishki mavsumga zaxira yaratmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratishda resurslardan va omborxonalar quvvatidan, ijtimoiy muassasalar uchun ajratilgan byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari tegishli davlat hokimiyati boshqaruvi idoralari tomonidan tashkil etilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan doimiy nazorat qilib borilayotir.