Yerni parvarish qilganlar kam bo‘lmaydi
Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 14 fevralda imzolangan “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmon tomorqadan unumli foydalanish, aholi daromadini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, bu jarayon Jizzax viloyatida faol rivoj topmoqda. Qishloq va mahallalarda aholi tomonidan yerdan oqilona va samarali foydalanish, har bir qarich maydonni daromad manbaiga aylantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Zomin tumanining “Shirin” mahallasida joylashgan Quduqcha qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nazarqosim Marqaboyevning tomorqasi bu borada yorqin misol bo‘la oladi. U kishi o‘z xonadonida 175 tup uzum ko‘chatini parvarishlab, ularni yaxshigina tokzorga aylantirdi.

Marqaboyev parvarishlayotgan “Charos”, “Kishmish” va “Rizamat” kabi uzum navlari nafaqat yuqori hosildorligi, balki shirinligi, bozorbopligi va uzoq muddat saqlanish xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Bu mehnat natijasida oila bugun o‘z tomorqasidan nafaqat ozuqa, balki mustahkam daromad manbaini ham topgan.
Uzumchilik, shubhasiz, yer va insonni sinaydigan kasb. Nazarqosim aka ta’kidlaganidek, bu ish sabr, mehnat va doimiy parvarishni talab qiladi. Ammo natijasi ham shunga yarasha – nafaqat dasturxon to‘kin, balki oila iqtisodi ham mustahkamlandi.

E’tiborli jihati shundaki, uzumzorning bo‘sh joylari ham bekor yotmayapti. U yerlarda qovun, tarvuz, pomidor va bodring singari sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirilayotir. Yerning har bir qarichidan unumli foydalanish hisobiga tomorqa haqiqiy xazinaga aylangan.
Bugun Quduqcha qishlog‘ida ko‘plab oilalar tomorqadan oqilona foydalanib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan. Ular uzumchilik, sabzavotchilik va bog‘dorlikni rivojlantirib, nafaqat o‘z daromadini oshirishmoqda, balki mahallaning ijtimoiy va iqtisodiy farovonligiga ham hissa qo‘shishmoqda.

Bu kabi tashabbuslar “Har bir oila – tadbirkor” g‘oyasining amaliy ifodasi, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar esa xalq hayotida o‘z samarasini berayotganining yorqin dalilidir.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari