Yerni boqsang – yer seni boqadi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar qishloq xo‘jaligi sohasida ham o‘z samarasini bermoqda. Buni tomorqachilikni rivojlantirish, har qarich yerning samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ko‘rish mumkin.
Jizzax viloyati Baxmal tumanida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun tomorqachilikni katta daromad manbaiga aylantirishda barchaga namuna bo‘layotganlardan biri – ushbu tumanning “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi mirishkor dehqon Islom Hamroyevdir. Uning mehnat faoliyati bilan tanishish barobarida bunga o‘zimiz ham guvoh bo‘ldik.
Islom Hamroyev Baxmal qir-adirliklarida uzoq yillardan buyon foydalanilmay yotgan, 40 sotixlik lalmi yer maydonini o‘z tashabbusi bilan o‘tgan yilning kuzida o‘zlashtirishga kirishdi.

Islom bog‘dorchilik va sabzavotchilik hadisini otasidan o‘rgangan. Ana shu bor ilmini, tajribasini 40 sotixli maydonda qo‘lladi. Qaqrab yotgan har qarich yerga hayot bag‘ishlab, zamonaviy agrotexnik tadbirlar asosida hosil yetishtirishga kirishdi. U yerni tayyorlashdan boshlab, hosil terimigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalar asosida ish olib bormoqda.
– Asrlar davomida qarovsiz yotgan yerni uzoq muddatga ijaraga olib, uning 20 sotixiga “Lojain” navli serhosil pomidor navini, qolgan 20 sotixga esa erta pishar “Mirzoi qizil – 228” navli sabzi ekdik, – deydi Islom Hamroyev. – Sabzavot ekinlari yetishtirishda, ayniqsa, pomidor va sabziga tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilingani, ushbu mahsulotlar hosildorligini keskin oshishida ahamiyati katta ekan, desam xato qilmagan bo‘laman. Erta bahorda yerga qadagan 5 ming tup pomidor ko‘chatimizning har tupidan o‘rtacha 7–8 kilogramm hosil olishni chamalayapmiz. Shunda, 20 sotix maydondan jami 35-40 tonna sifatli va ekologik toza, vitaminga boy pomidor mahsuloti olsak kerak, degan umiddaman.
Yerni tayyorlashda 6 tonna mahalliy o‘g‘it, ya’ni nuri va 50 kilogramm ammoniy fosfat ishlatildi. Bargidan oziqlantirishda Slovakiya davlatida ishlab chiqarilgan “Rakagumin” organik preparatini uch marotaba purkadik. Qo‘llagan bu usullarimiz va har bir agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida, me’yorida o‘tkazganimiz tuproq unumdorligini oshirishda, mahsulotlarimizni har xil kasalliklarga chalinmay sog‘lom o‘sishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Darvoqe, bahorda ekilgan “Mirzoi qizil – 228” navli sabzi hosili ham yuqori bo‘lishi kutilyapti. Islom Hamroyev ekkan sabzilarining ildiz mevalari bir xilda, silliq, qizg‘ish rangda, har biri o‘rtacha 60–80 gramm og‘irlik bosadi. Shunda 20 sotixdan 10 tonna hosil olinadi. Bozor narxida hisoblaganda Islomboy sabzidan 100 million so‘m, pomidordan esa 120 million so‘m daromad olishni mo‘ljallagan.
Mirishkor dehqonning ta’kidlashicha, Baxmal sharoitida ham yerdan 3 marotaba hosil olish mumkin ekan.
– Dono xalqimiz, yerga boqsang – yer seni boqadi, deb bejizga aytmagan, – deydi Islom Hamroyev. – Bu hosilimizni yig‘ib-terib ichki bozorga chiqarganimizdan so‘ng, hosildan bo‘shagan maydonga saraton chiqmay peshma-pesh ikkinchi ekin ekishni rejalashtirganmiz. Oxirida esa sarimsoq piyoz, piyoz kabi to‘qsonbosti mahsulotlari ekmoqchimiz. Menimcha yerning unumdorligi, hosilning barakasi ham mehnatni mehr bilan bajarishda, yerni o‘z vaqtida mahalliy va mineral o‘g‘itlantirib turishda, bo‘lsa kerak.

Islomboy ikkinchi ekin va kuzgi to‘qsonbosti ekinlaridan yana kamida 150 – 180 million so‘m daromad olsa, shu 40 sotix yerdan oladigan umumiy daromadi 280–300 million so‘mga yetib qolsa ajab emas.
Mana tomorqani haqiqiy daromad manbaiga aylantira olgan dehqonning yillik mehnati samarasi.
Islom Hamroyevning ushbu tajribasi zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish – xususan, tomchilatib sug‘orish, organik oziqlantirish vositalari va mahsulotlarni navlarga qarab ekish, yerga e’tibor, mehnatga mehr, kelajakka ishonch berishini ko‘rsatib turibdi.

Yillar davomida suvsizlikdan aziyat chekkan, hosilsiz deb hisoblangan bu lalmi yer bugun yurtimizni sifatli, ekologik toza, vitaminga boy mahsulotlar bilan ta’minlayotgan barakali tomorqaga aylanganini mirishkor dehqon Islom Hamroyev mehnati misolida ko‘rdik.
Islom Hamroyevning tajribasi nafaqat Baxmal, balki butun respublikamiz dehqonlari uchun ibrat bo‘lishi mumkin. Zero, hosildorlik – bu faqatgina mehnat emas, balki aql, zamonaviy yondashuv va innovatsion g‘oyalar samarasidir. Islomga o‘xshagan tomorqani daromad manbaiga aylantira oladigan mirishkor dehqonlar yurtimizda istalgancha topilishi shubhasiz, faqat ularga yer va imkoniyat yaratib berish lozim.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri