Yerni boqsang – yer seni boqadi
Davlatimiz rahbari raisligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari yuzasidan kuni kecha o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishi tom ma’noda mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, agrar sohaga zamonaviy infratuzilmani olib kirish, bizga berilgan tabiat ne’matlaridan samarali foydalangan holda meva-savzavotchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Respublikamiz aholisining kundan-kunga o‘sib borishi va mamlakatimizda oziq-ovqat zahirasini ko‘paytirish, kelgusida daraxt va mevali bog‘lar hududini kengaytirish yuzasidan tinimsiz chora-tadbirlar olib borilishi muhimligini anglatadi.
Ayniqsa, har birimiz o‘zimizning fuqarolik pozitsiyamizdan kelib chiqib, aholi tomorqalaridan samarali foydalanib obod qilishi, ko‘chalar va mahallalardagi manzarali daraxtlarni asrab-avaylashi, mevali ko‘chatlarni ekishni muntazam yo‘lga qo‘yishni odatga aylantirishimiz lozim.

Davlatimiz rahbari o‘zining nutqida paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilganini alohida ta’kidlab, yana qo‘shimcha ravishda 104 ming gektarni ajratishga ruhsat berilganini ham aytib o‘tdilar.
Albatta, bu raqamlar kichkina raqamlar emas, balki mamlakatning ertangi kuni hisoblanib, boshqa davlatlardan keladigan oziq-ovqat mahsulotlariga muhtoj bo‘lib qolmasligimiz uchun qilinayotgan harakatdir.
Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni avvalo har bir xonadondan boshlashimiz lozim. Bu bo‘yicha aholiga serdaromad urug‘ va navlarni ekish bo‘yicha tavsiya etish bilangina cheklanib qolmay, balki ularning parvarishi va ko‘p daromad olish yo‘llarini o‘rgatish soha mutaxassislariga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Bilamizki, yurtimiz tabiati mo‘’tadil bo‘lgani sababli barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va ko‘plab mazali mevalarni yetishtirilganligi bois, butun dunyoda O‘zbekiston meva-sabzavotlariga talab tobora oshib bormoqda. Xususan, mamlakatimiz o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6-7 o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqqanining o‘zi fikrimizning isbotidir.
Shuningdek, birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinayotgani, har haftada 3-4 tonna uzum AQSHga yetkazib berilayotgani ham quvonarlidir. Biroq, davlatimiz rahbari o‘zining fikrlarida, bugungi kundagi sohaga oid ayrim muammolar va yechimini topishga qaratilgan masalalar yuzasidan ham fikr bildirib o‘tdi.
Xususan, meva-savzavotlarimizning eksport hajmini yanada oshirish, ularning ko‘lami va turini kengaytirish, hududi katta bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida ishni to‘g‘ri tashkil etish maslalariga alohida yondoshdi. Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksportini yanada oshirish va oziq-ovqat yetishtirish uchun qulay imkoniyatlarni yaratish, sohaga ilmiy asoslangan zamonaviy texnologiyalarni jalb etish kerakligini alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, bugungi kun kechagi kun emas. Butun dunyo iqlimi o‘zgarib borayotgan, tobora suv va oziq-ovqat zahirasi kamayib borayotgan murakkab sharoitda mamlakatimizning 37 mlndan ortiq aholisini hech nimaga zoriqtirmay, yil davomida ham dasturxonini to‘kin qilish uchun barchamiz birdek mas’ulmiz. Ayniqsa, biz deputatlar oldidagi vazifalarimizdan biri, bu borada aholimizning sohaga bo‘lgan qiziqishlarini hamda ularning imkoniyatlarni hisobga olib, milliy qonunchilikni takomillashtirishga xizmat qiluvchi yangi tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, mavjud qonunchilik me’yorlarini targ‘ibotini olib borishdan iboratdir.
Albatta, barchasi tadbirkorlarimiz va dehqonlarimizning mehnati, o‘tkir zehni va ilmga asoslanib ish olib borishlari natijasidandir.
Aholining daromadini oshirish yo‘lida hozirda olib borilayotgan islohotlarimizning zamirida yerdan unumli foydalanish, dala maydonlariga daromadli ekinlar ekish va uni parvarishlash albatta o‘zining samarasini beradi. Respublikamizning ko‘plab hududlariga borganimizda tadbirkorlarimiz tomonidan dala chetlaridan unumli foydalanayotganini, ekin maydonlarining chekkasiga tut, terak va tok ekilib, kelgusida yuqori daromadga kirishi natijasida yashash sharoitlarini yanada yaxshilanishiga zamin yaratadi.
Buning uchun esa, mamlakat aholisidan yerga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirishiga, ayniqsa, ekin maydonlaridan oqilona foydalanishga chaqiradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan dehqon va tadbirkorlarimizga yanada keng imkoniyatlar yaratish, ularga imtiyozlar berishni kengaytirishni alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash harajati davlat tomonidan qoplab berilishi, turli sertifikatlarni olish harajatlari uchun subsidiya ajratilishi, yirik savdo tarmoqlarida organik mahsulotlar uchun alohida rastalar tashkil etilishi kabi imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizning kelgusi yillarda ham oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini talab darajasida qondirish va sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish doimo e’tiborda bo‘ladi. Zero, sohibqiron Amir Temur “Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim”, - degan so‘zlari fikrimizning yaqqol dalilidir.
M.Axmedova,
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati,
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi