Yerlar degradatsiyasining oldini olish – dolzarb masala
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarni fermer a’zolari, otaliqqa olingan, shuningdek, auksionda yer ololmagan fuqarolarga ajratib berishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Komilov Tursunboy” fermer xo‘jaligi dala shiyponida tashkil etilgan mazkur seminarda tuman hokimi Ahrorjon Mansurov, Respublika Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Abdusalomov soha vakillariga davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori mazmun-mohiyati, kelgusida ko‘zda tutilayotgan natijalar haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, yerlar sifatining yomonlashish jarayoni, hosildorlikning pasayishi – yerlar degradatsiyasi deyiladi. U tuproqning funksiyasini o‘zgartiruvchi, uning xossalari soni va sifatini kamaytiruvchi, unumdorligini pasaytiruvchi va yo‘qotuvchi jarayonlar majmuasi bo‘lib, uzoq muddat foydalanish sababli texnologik, eroziya, sho‘rlanish, botqoqlanish, ifloslanish va cho‘llanishni keltirib chiqaradi. Afsuski, bunday yerlar yurtimizda istalganicha topiladi.

Ta’kidlanganidek, unumdor yerlar kelajak avlodlarga ham shunday qolishi uchun bugundan qayg‘urish zarur. Bunda shu yo‘nalishda izlanayotgan olimlar va fermerlarning hamkorligi yaxshi natija beradi. Chunki, aynan yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun muayyan ishlar olib borilmoqda.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tarmoq mutaxassislaridan javoblar oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA