Yerga qadalgan niholdan ulkan daraxtgaça bölgan yölda bizni nimalar kutmoqda?
Ertalab uydan çiqib, töyib-töyib toza havodan nafas olişni istaymiz. Bolalarimizning bemalol soya-salqinda öynaşini, köçalarimizdan bahorning, yaşillikning tarovati kelib turişini xohlaymiz.
Biroq sönggi paytlarda bu oddiy hayotiy ehtiyojimiz ham qondirilmayapti. Oynani oçganimizda toza havo emas, çang va tutun kirib kelayotgani his qilasiz. Bunday şaroitda daraxt ekiş va uni parvarişlaş tom maʼnoda hayot-mamot masalasi, kelajak avlod oldidagi burçimizga aylanmoqda.
Şu kunlarda mamlakatimiz böylab “Yaşil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi kuz-qiş mavsumi qizğin pallaga kirgan. Joriy mavsumda respublika böyiça 140 million tup köçat ekilişi rejalaştirilgan. Ammo ötgan yillardagi aççiq tajribamiz köplab köçatlarning suvsizlikdan, qarovsizlikdan yoki notöğri joyga ekilgani sababli qurib qolgani körsatadi. Haqiqat şuki, bizga ming-minglagan raqamlardan köra, kökarib çiqqan, yam-yaşil köçatlar kerak.
Xöş, bu galgi yondaşuv avvalgilaridan nimasi bilan farq qiladi? Bu savolga Ekologiya va iqlim özgarişi milliy qömitasi huzuridagi Örmon agentligi boşqarma boşliği Hakimjon Abdullayev şunday javob beradi.
– Köçat ekiş tadbirlarining samarasi, avvalo, ularning qançasi ekilişi bilan emas, qançasi kökarib, daraxtga aylanişi bilan belgilanadi, – deydi Hakimjon Abdullayev. – Şu bois joriy mavsumda köçatlarni hududning iqlimi va tuproq şaroitiga mos tanlaş, töğri joyga ekiş, vaqtida suğoriş va muntazam parvarişlaşga alohida eʼtibor qaratiladi. Joriy mavsumda asosiy yuk mahallalarga tuşadi. Jarayonni tizimli taşkil etiş uçun 4 ming 200 nafardan ortiq maxsus “örmonçi murabbiylar” qariyb 9 mingta mahallaga biriktirilgan. Ular köçat ekişdan tortib parvarişlaşgaça bölgan jarayonda mahalla yettiligi va aholiga kömak beradi. Bundan körinadiki, endilikda eʼtibor faqat miqdorga emas, agrotexnik qoidalarga qaratilmoqda.

Yaşillikni taʼminlaş haqida gap ketganda, eng avvalo, böş yer maydonlari tobora kamayib borayotgan beton şaharlarimiz köz oldimizga keladi. Böş joy topiş muammo bölgan köp qavatli uylar, maktab va boğçalar hududida qanday yöl tutiladi? Hududning iqlimi va tuproq şaroitiga mos daraxtlarni tanlaş masalasi qanday nazorat qilinadi?
Masʼullarning tuşuntirişiça, bu muammoni hal qiliş uçun yagona qolipdan voz keçilmoqda. Daraxt turlarini tanlaşda har bir hududning geografik joylaşuvi, tuproq şörlanişi va suv taʼminoti qatʼiy inobatga olinadi.
Ayrim hududlarda qayrağoç, şumtol, gözalkatalpa, yapon saforasi, tut, örik va gilos kabi daraxt turlaridan foydalaniş tavsiya etiladi. Ariq, kanal va zovurlar böylarida esa joyning tabiiy şaroitidan kelib çiqib, tol, majnuntol va terak kabi turlarni ekiş nazarda tutilgan. Yer maydoni çeklangan hududlarda mavjud daraxtlarni asrab qoliş, böş joylarga şaroitga mos daraxt va butalar ekiş, vertikal kökalamzorlaştiriş hamda katta idişlarda jamoatçilik boğlarini taşkil etiş kabi muqobil yeçimlardan foydalaniş mumkin.
Eng eʼtiborli jihati, loyiha doirasida xalqaro “3–30–300” standartini joriy etiş rejalaştirilgan. Bu har birimiz uyimiz oynasidan kamida 3 ta daraxtni köra olişimiz, yaşaş joyimizning kamida 30 foizi soyabon daraxtlar bilan qoplanişi va yaşil hududgaça bölgan masofa 300 metrdan oşmasligini anglatadi. Agar bu mezonlar qoğozda qolib ketmasa, şaharlarimiz çinakam yaşil makonga aylanişi aniq.

Biroq, navbatdagi mantiqiy va eng oğriqli savol tuğiladi. Millionlab tup köçatni suğoriş uçun şunça suvni qayerdan olamiz? Suv tanqisligi global muammoga aylangan bugungi kunda uşbu ehtiyoj qanday qoplanadi va bunda içimlik suvidan foydalaniladimi?
– Şunça köçatning suvga bölgan ehtiyojini aniqlaşda barça hududlar uçun bir xil meʼyor belgilaş töğri bölmaydi, – deya taʼkidlaydi deydi Hakimjon Abdullayev. – Suv tanqisligi kuzatilayotgan hududlarda, birinçi navbatda, suv tejovçi suğoriş texnologiyalarini joriy etiş, mavjud ariq va kanallardan, şuningdek, texnik jihatdan yaroqli boşqa suv manbalaridan foydalaniş muhim. Tuproqda namlikni saqlaşga xizmat qiluvçi mulçalaş usulini keng qöllaş ham samarali yeçimdir. Içimlik suvidan foydalaniş masalasi esa mavjud suv taʼminoti va belgilangan tartiblardan kelib çiqib hal etiladi.
Suv tanqis joyga köçat ekiş tabiatga nisbatan adolatsizlikdir. Şuning uçun içimlik suvini tejagan holda oqova va yomğir suvlaridan foydalaniş tizimini yölga qöyiş endi tanlov emas, zaruratdir.

Masʼullarning qayd etişiça, moliyaviy şaffoflikni taʼminlaş loyihaning asosiy talablaridan biridir. Mahallalarni yaşillaştiriş uçun Davlat maqsadli jamğarmasidan yiliga katta miqdorda mablağ yönaltiriş közda tutilgan.
Bu respublika miqyosidagi çora-tadbirlarni moliyalaştiriş uçun belgilangan mablağ bölib, har bir mahallaga alohida teng qiymatda mablağ ajratilişini anglatmaydi. Mablağlarning maqsadli sarflanişi muhim. Köçatlarni xarid qiliş, taşiş, ekiş va keyingi parvarişlaş xarajatlarini alohida hisobga oliş moliyaviy şaffoflikni taʼminlaşga xizmat qiladi.
Bir söz bilan aytganda “Yaşil makon” kelajak avlod oldidagi muqaddas masʼuliyatdir. Bu meros öz-özidan şakllanmaydi, unga mablağ, mehnat va uzluksiz nazorat zarur. Ekologik islohotning muvaffaqiyati hisobotlarga tirkalgan köçatlar soni bilan ölçanmaydi. Yillar ötib ularning soyasida farzandlarimiz ulğayişi bilan baholanadi.
Muhayyo TOŞQORAYEVA,
ÖzA muxbiri