Yerga egalik huquqi soddalashtirilmoqda
Yer - xalq boyligi, uni asrab-avaylash, undan unumli foydalanish har bir fuqaroning burchidir. Bozorlarimizning to‘kin-sochinligi, turmushimiz farovonligi ham yerga bo‘lgan mehrimiz, mehnatimizga bog‘liq.
Aholi soni yildan yilga ko‘payib borgani sayin oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ham ortib bormoqda. Yangi qishloq va mahallalar bunyod bo‘lmoqdaki, bular ham yer maydonlari ajratilishini taqozo etadi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik sanoat zonalarini tashkil etish uchun yer maydonlari muhim ahamiyatga ega. Albatta, hozirga qadar yer maydonlarini tasarruf etish, ularni turli maqsadlar uchun ajratish, zaxiraga olish viloyat, shahar, tuman hokimliklarining ixtiyorida edi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktivlariga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yer maydonlarini ajratish, ularni tasarruf etishda oshkoralik, shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu farmonga asosan, joriy yilning 1 avgustidan boshlab hokimliklarning yer maydonlarini ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish vakolatlari bekor qilinadi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinishi belgilandi.
Biz, deputatlar, senatorlar joylarda mazkur farmonning mazmun-mohiyatini keng ko‘lamda targ‘ib qilmoqdamiz. Aholi bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda yerning bebaho boylik, bitmas-tuganmas xazina manbai ekanligi, undan oqilona va samarali foydalanish orqali nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirish, balki xotin-qizlar, yoshlarni ish bilan ta’minlash, oilalar daromadini oshirish zarurligi tushuntirilmoqda.
Nosirbek Abdullaxanov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a’zosi,
O‘zLiDeP faoli