Yerevanda bokschilarimiz muvaffaqiyatli start oldi
Armaniston poytaxti Yerevan shahrida boks bo‘yicha an’anaviy «Yerevan Mayor Cup» xalqaro turniri start oldi.
Musobaqaning ilk kungi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Shahzod Muzaffarov va Iqboljon Xoldorov ringga ko‘tarilib, ishonchli g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
-55 kg. vazn toifasida ishtirok etayotgan Shahzod Muzaffarov ilk bosqichda isroillik Farid Xreishga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv davomida tashabbusni to‘liq o‘z qo‘lida ushlab turgan hamyurtimiz hakamlarning yakdil qarori bilan 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘llanmani rasmiylashtirdi.
-70 kg. vazn toifasidagi vakilimiz Iqboljon Xoldorov esa mezbonlar vakili Vaxag Asatryanga qarshi ringga chiqdi. Jang davomida ustunlikni qo‘ldan boy bermagan o‘zbekistonlik bokschi raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqani muvaffaqiyatli boshladi.
Ertaga mazkur turnirda yana bir hamyurtimiz — Samandar Olimov o‘zining ilk bahsini o‘tkazadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA