Yerdan foydalanish: nazorat va amaliyot
Andijonda kadastr agentligi viloyat boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan 2021 yilning birinchi choragida yerdan foydalanish va uning muhofazasini nazorat qilish masalalariga bag‘ishlangan press-tur o‘tkazildi.
Kadastr tizimi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari axborot xizmati rahbarlari ishtirok etgan tadbir kadastr boshqarmasidagi mavjud loboratoriya, ishda foydalaniladigan jihoz va texnik vositalar, ularni amaliyotda qo‘llash jarayonlari bilan tanishdan boshlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 7 sentyabrdagi «Yer hisobi va davlat kadastrlar yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida kadastr agentligi zimmasiga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya kartografiya sohasida yagona davlat siyosatini, davlat kadastrlarini yuritish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya kartografiya va davlat kadastrlarini yuritish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, kadastrlarni yuritish sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.
Tadbirda yuqorida qayd etilgan farmon ijrosi, umuman, aholi va tadbirkorlar uchun bo‘sh yer uchastkalarini auksion tartibida realizatsiya qilish, yer munosabatlari, yer hisobini yuritish va hujjatlarni raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
– Joriy yilning o‘tgan davrida yerlardan foydalanish va uni muhofaza qilish bo‘yicha muntazam ravishda nazorat tadbirlari olib borildi, – deydi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i F.Berdiqulov.
– Ana shu tadbirlar davomida jami 146 ta holatda 46,9 gektar yer maydoni noqonuniy foydalanayotganligi aniqlanib, mazkur holatlarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rildi, targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Aniqlangan holatlarning 10 foizi bartaraf etildi, yer uchastkalari mahalliy davlat hokimiyatiga qaytarildi, 14 ta holat bo‘yicha sud organlariga tegishli tartibda da’vo arizalar kiritildi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan xuquqlarni davlat ro‘yxatidan belgilangan tartibda o‘tkazmagan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks»ga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mazkur holatlar bo‘yicha viloyat boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan jami 569 ta holatda 140 million 464 ming so‘m jarima qo‘llanildi, 361 ta holat bo‘yicha 57 million 990 ming so‘m miqdoridagi jarima undirildi, qolgan holatlar bo‘yicha jarimalarni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Ko‘chmas mulk ob’ektlariga kadastr pasportlarini rasmiylashtirish borasida 9 milliard 56 million so‘mlik ishlar bajarildi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan uch oyi mobaynida 6 ming 137 ta uy-joyga, 1 ming 273 ta noturar binolarga hamda 787 ta kvartiraga kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi. Shuningdek, viloyatdagi 328 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida joylashgan 228 ming 372 ta ko‘chmas mulklar qayta xatlovdan o‘tkazildi. O‘tkazilgan xatlov yakunlariga ko‘ra 1 ming 754 gektar yer maydonida joylashgan qo‘shimcha 11 ming 23 ta yangi ko‘chmas mulklar aniqlandi. Ana shu ko‘chmas mulklarni idoralararo integratsiyalashgan «Ko‘chmas mulk-3» dasturiga kiritish, mahalliy byudjetga qo‘shimcha soliqlar undirish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkorlar hamda investorlarga qulay va shaffof shart-sharoitlar yaratish maqsadida "YERELEKTON" avtomatlashtirilgan axborot tizimiga o‘tgan davr mobaynida 94 gektar yer maydonida joylashgan 3 ming 644 ta bo‘sh yer uchastkalari kiritildi. Ijobiy xulosa berilgan 1 ming 220 ta yer uchastkalari “E-IJRO AUKSION” elektron onlayn savdo maydonchasiga sotuvga chiqarildi. 30 gektar yer maydonida joylashgan 1 mingta yer uchastkalari tadbirkorlik sub’ektlariga sotildi.
Tadbir yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollariga mutasaddi rahbar va mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.
F.UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA