Yer usti metrosi tagidagi servis shoxobchalari oldida avtomobil to‘xtab turishiga sharoit yo‘q
Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda bo‘lib, o‘z yechimini kutayotgan masala va muammolarni obdon o‘rganmoqda.
Jumladan, deputat Oydin Abdullayeva poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Birdamlik, Asrobod, Qo‘sh qo‘rg‘on mahallalariga tashrif buyurib, mavjud muammolarni o‘rgandi.
Xususan, Birdamlik mahallasi idorasi ma’nan eskirgani sababli yangi bino qurish masalasi ko‘tarilgan. Ushbu tashabbusga investor qiziqish bildirib, o‘z loyihasini taqdim etgan. Loyiha bo‘yicha barcha hujjatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga topshirilgan bo‘lsa-da, ruxsat olish jarayoni ancha vaqtdan beri kechikayotgani aniqlandi.

Shuningdek, hududda mavjud metro yo‘li tagida tadbirkorlik sub’ekti uchun yer ajratilib, aholiga turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish ishlari boshlangan. Ammo mazkur shoxobchalar oldida avtomobillar to‘xtab turishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmagan. Bu esa kelajakda xaridorlarga noqulaylik tug‘dirib, tadbirkorning faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytildi.
Qo‘sh qo‘rg‘on mahallasi yettiligi bilan o‘tkazilgan suhbatda aholisi 8500 dan ortiq bo‘lgan hududda bolalar bog‘chasiga zarurat borligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddilar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan bo‘lsa-da, masala hanuzgacha o‘z yechimini topmagan.
O‘rganishlar davomida aniqlangan masalalar deputat va mas’ullar tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, uchrashuvlar chog‘ida deputat mahallalarning kutubxonalariga yangi adabiyotlarni taqdim etdi.
***
Qonunchilik palatasi deputati Gulruh A’zamova saylov okrugidagi faoliyati davomida Xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhining kengaytirilgan majlisida ishtirok etdi.
Majlisda yoshlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar, turli loyihalarda yoshlarning ishtirokini keng qamrab olish lozimligi, ularning taklif va tashabbuslari, shuningdek, hududdagi mavjud muammolar muhokama qilindi. Unda ta’lim, bandlik, sportni rivojlantirish hamda yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish borasida bir qator takliflar ilgari surildi.
Shuningdek, muloqot davomida Temiryo‘lchilar texnikumi talaba-yoshlarining takliflari ham eshitildi. Yoshlarning har bir tashabbusi deputatlar tomonidan atroflicha tahlil qilindi. Deputat G.A’zamova yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullar bilan kelishib oldi.

***
Pastdarg‘om tumanining Gumbaz, Istiqlol va Do‘rmonsoy mahallalarida maktab binosining torligi, ichki yo‘llarning abgor ahvoli, poliklinikalardagi mutaxassislar tanqisligi va suyultirilgan gaz ta’minotidagi surunkali uzilishlar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Qonunchilik palatasi deputati Sherzod To‘xtashev mazkur hududdagi o‘rganishlari davomida mahalla vakillari va aholi bilan muloqot qilar ekan, ularning e’tiroz va murojaatlarini hal etishga alohida e’tibor bilan yondashdi. E’tiborli jihati, ayrim masalalar deputat tomonidan joyidayoq hal etildi. Mablag‘ va vaqt talab etadigan ayrim muammolar bo‘yicha esa tegishli mutasaddilarga deputatlik so‘rovi yuboriladigan bo‘ldi. Ayrim yirik loyihalar “Tashabbusli byudjet” dasturiga yo‘naltirilishi aytildi.
Ta’kidlash lozimki, xalq vakillarining har galgi uchrashuv va o‘rganishlari davomida joylardagi mavjud kamchiliklar bartaraf etilib, hududlarni rivojlantirish, aholi farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shilmoqda.

Muhtarama Komilova, O‘zA