Yer usti metrosi ostidagi bo‘sh yerlar xalq va tadbirkorlar manfaati uchun ishlamoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Yer usti metrosi. Shiddat bilan o‘tayotgan zamonaviy vagonlar Toshkentga o‘zgacha bir megapolis ruhini bag‘ishlaydi. Temir yo‘llarning olis-olislarga eltuvchi shitobi va vagonlarning suzuvchi harakati bugun Sergeli tumanining chinakam tashrif qog‘oziga aylanib ulgurdi.
Endi bir lahzaga nigohimizni pastga qarataylik. Shu ulkan beton ustunlar ostidagi bo‘shliqni ko‘z oldingizga keltiring. Odatda, bunday joylar shaharsozlikda eng qarovsiz, chang-to‘zon va chiqindi bosadigan, tunda esa zulmatga cho‘mib, odam yurishga qo‘rqadigan kimsasiz hududga aylanishi hech gap emas edi.
Quvonarlisi, bugun poytaxtda bu bo‘shliqlarning qiyofasi butunlay o‘zgacha manzara kasb etdi. Hozir bu yerda odamlar gavjum, yo‘laklarda bolalar kulgisi yangraydi. Tadbirkorlikning haqiqiy hayoti qaynamoqda.
Zamonaviy shaharsozlikda mavjud infratuzilmadan oqilona foydalanish, har bir qarich yerni iqtisodiyot va jamiyat uchun foydali qilish juda muhim tashabbusdir. Shu ma’noda, Toshkent yer usti metro yo‘nalishlarining ostki qismini obod qilish loyihasi shahar husniga husn qo‘shmoqda. Yana bir muhim jihati aholi, biznes va davlat uchun birdek manfaatli bo‘lgan noyob tizim yaratilmoqda.
Bu tizimli jarayonlar o‘z-o‘zidan yoki bir kunda boshlanib qolgani yo‘q. E’tibor bersak, 2016-yil 29-noyabrda davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilinib, poytaxtimiz transport kommunikatsiyasini tubdan o‘zgartirgan ulkan loyihaga asos solingan edi. Bu ulkan loyihaning borishi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘ldi va yer usti halqa metro liniyasi bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, bekatlar milliy kolorit asosida, o‘ziga xos dizaynda qurildi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo‘l haqini elektron to‘lash imkonini beruvchi turniketlar va eskalatorlar bilan jihozlandi.
O‘shanda bu loyiha Sergeli tumani aholisi uchun juda katta yangilik va quvonch bo‘lgan edi. Boisi, hududda yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar ko‘p edi. Aholi bir paytlar shahar markaziga qatnash chinakam azob bo‘lganini ko‘p eslashadi.

Keyingi yillarda tumanni boshqa hududlar va shahar markazi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yo‘l, 8 ta stansiyadan iborat yangi metro liniyasi bunyod etildi. Bugungi kunda Sergelida 236 ming nafarga yaqin aholi yashayotgan bo‘lsa, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 300 ming nafardan oshishi kutilmoqda. Bu juda katta raqam bo‘lib, aholining bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha doimiy ravishda tizimli va noan’anaviy ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi.
Davlatimiz rahbari yaqinda Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishining ostki qismida tashkil etilgan savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
– Amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning eng muhim jihati shundaki, unda iqtisodiy naf va ijtimoiy manfaatlar o‘zaro mutanosib ravishda ifoda etiladi, – deydi Sergeli tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Akmal Jumaboyev. – Agar o‘z vaqtida to‘g‘ri e’tibor qaratilmaganida, bu joylar shunchaki bo‘sh va qarovsiz yotaverardi. Bugun esa 5,7 gektarlik ulkan hudud tubdan yangilanib, bu yerda hozirgacha ko‘plab yangi tadbirkorlik sub’ekti ish boshladi. Natijada xususiy sektor kengayib, sog‘lom raqobat muhiti yaxshilanmoqda. Eng quvonarlisi, ushbu sub’ektlar negizida 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu shu atrofdagi ishsiz fuqarolar va yoshlarning o‘z uyi yaqinida doimiy daromad manbaiga ega bo‘layotganini anglatadi.
Davlat bu yerda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish va odamlarning tashrifi uchun xavfsiz sharoit yaratish maqsadida tizimli muhandislik-kommunikatsiya ishlarini mukammal bajarib berdi. Masalan, loyiha doirasida bitta yangi alohida transformator o‘rnatilib, 4 kilometr uzunlikdagi elektr tarmoqlari tortildi. Bu esa savdo nuqtalarining uzluksiz ishlashini, hududning xavfsiz va yorug‘ bo‘lishini ta’minlaydi. Shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan zamonaviy ekotizim yuzaga kelishi uchun 2 kilometr ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i hamda atrofni yashnatib turish uchun 1 kilometr sug‘orish tarmog‘i barpo etildi.
– Metro ostida parallel ravishda barpo etilgan piyodalar va velosiped yo‘lagi aholi uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi haqiqiy maskanga aylandi, – deydi hudud faoli Qosim Muhammadjonov. – Shuningdek, tashkil etilgan bolalar maydonchalari hamda sport zonalari sog‘lom muhitni yanada mustahkamlamoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi, qo‘shnilar bilan dildan gurunglashishi uchun hududga juda ko‘plab qulay o‘rindiq o‘rnatildi. Atrofga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlovchi zamonaviy chiroqlar joylashtirildi. Bunday shinam muhit odamlarning kundalik kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Bu ishlar mahalladoshlar o‘rtasida jipslik, mehr-oqibat va o‘zaro totuvlik tuyg‘usini kuchaytiradi.
Davlat va biznesning bunday hamkorligi qanday mexanizm asosida ishlashi ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy. Davlat rahbari raisligida Toshkent shahri, xususan, Sergeli tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aynan mana shu tajriba ham atroflicha tahlil qilindi.
Unga ko‘ra, davlat yerdan foydalanish huquqini shaffof tarzda auksionga chiqaradi. Tayyor loyiha va infratuzilmasini hozirlab beradi. Qolgan investitsiya kiritish ishlarini esa tadbirkorlarning o‘zlari amalga oshiradi. Bu tajribaning kelajagi va istiqboli juda katta.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina Sergelida metro liniyasining yana 8,5 kilometr qismida shunday ishlar yakuniga yetkazilsa, yana 137 ta savdo-servis ob’ekti ochiladi. Bu esa 1-1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishiga xizmat qiladi.
Eng muhimi, tuman byudjetiga qo‘shimcha tushum miqdori ortadi. Agar bu muvaffaqiyatli tajriba keng yoyilib, yer usti metro liniyasining Yashnobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridan o‘tgan jami 23 kilometrlik hududida to‘liq amalga oshirilsa, yana 400 ta tadbirkor o‘z biznesini boshlaydi. Natijada 3 mingta yangi, doimiy ish o‘rni yaratilishi mumkin bo‘ladi.
Bu loyiha shahar ichidagi ichki imkoniyatlarni ishga solish orqali, boshqa maqsadlar uchun ajratilgan yangi yer maydonlarini band qilmasdan turib ham qo‘shimcha qiymat va ish o‘rinlari yaratish mumkinligini amalda isbotlamoqda. Metro osti maydonlaridan foydalanish davlatga qo‘shimcha soliq tushumlari va bandlik muammosini yechish vositasi bo‘la oladi. Tadbirkorga esa tayyor muhandislik tarmoqlariga ega bo‘lgan gavjum va daromadli biznes maydonini yaratadi. Xalqimiz uchun bo‘lsa uyining yonida xavfsiz va charog‘on dam olish maskanlariga ega shinam yashash muhiti paydo qilmoqda.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri