Yengillikni ogʻirlik yaratadi
Yilda bir marta jurnalistlar kuni arafasida qalam ahli haqida nimadir yozish niyatida bosh qotirar ekanman, koʻnglimdan beixtiyor sheʼriy satrlarga aylangan yuqoridagi fikrlar kechdi.
Qrimdan maktub
Satrlarga singdi necha qaynoq umrlar,
Istaganda sukunatda suhbat quramiz.
Savol-javob qiziganda ochilgan sirlar,
Koʻrolmasdan, bosh egaroq, gʻamgin turamiz…
Yilda bir marta jurnalistlar kuni arafasida qalam ahli haqida nimadir yozish niyatida bosh qotirar ekanman, koʻnglimdan beixtiyor sheʼriy satrlarga aylangan yuqoridagi fikrlar kechdi.
Satrlar meni turmushning turli koʻchalariga olib kirdi. Gazeta uchun “birinchi maqolani qachon, nima sababdan yozganimni, «Zarafshon” (“Lenin yoʻli”) tahririyati boʻsagʻasidan qachon ilk bor hatlab oʻtganimni, keyinchalik uning “qozon”iga qanday tushib qolganimni, undagi ijodiy faoliyatimning gʻoyat jonli, qaynoq, quvonchli, gʻoyat gʻamgin onlarini, ustozlarimni, shogirdlarimni, doʻstlarimni, gazeta jamoasining har bir aʼzosini xotirladim. Kimlarnidir koʻrib, hol-ahvolini soʻragim, kimlarnidir qattiq quchgim, kimlargadir bosh eggim keldi.
Satrlar, satrlar… Jurnalist shuuri, dunyoqarashi, voqea-hodisalarga faol munosabati tufayli har kuni oʻnlab, yuzlab, minglab satrlar yaratadi, oddiy qogʻozga jon bagʻishlaydi, uni jamiyatga, xalqqa, kelajakka kerakli muhim narsaga aylantiradi. Qogʻoz oʻz navbatida jurnalistdan minnatdor boʻlib, uning satrlarga singgan qaynoq umrini gazeta, jurnal sahifalari, taxlamlarida koʻp yillar, asrlar davomida ehtiyotkorlik bilan saqlaydi.
“Lenin yoʻli”, “Zarafshon” taxlamlarini olib, varaqlang. Unda gazetaning asoschilarini, oʻlmas satrlar yozib qoldirgan ijodkorlarni, jurnalist sifatida tanilgach isteʼdodli shoirlar, yozuvchilar safidan oʻrin olgan kishilarni bilamiz. Tanlagan kasbini har narsadan ustun qoʻygan, kunlarinigina emas, tunlarini ham gazetaga bogʻlagan, tahririyatni oʻz uyi, oilasidan ham yaqin koʻrgan zabardast jurnalistlar Mannob Najmiddinovni, Ahmadjon Muxtorovni, “Jurnalist deb atang, meni, doʻstlarim!” deya xitob qilgan Surʼat Oripovni, yana koʻpdan-koʻp qalbi qaynoq, qalami oʻtkir insonlarni koʻrasiz.
Haqiqiy jurnalist – oʻz zamonining oldingi safida dadil odimlayotgan tadqiqotchisi. Bu darajaga erishish uchun u avvalo, koʻp oʻqib, koʻp oʻrganib, ensiklopedik bilimga ega boʻlishi, keyin hayot maktabida taʼlim olishi va nihoyat, turmush teranliklariga shoʻngʻishi, undagi past-balandliklar, qonun-qoidalar, muammolar bilan atroflicha tanishishi lozim. Bunday murakkab yoʻlni bosib oʻtgan, yuksak talablar qarshisida dovdirab qolmasdan, oʻz vazifasini doimo aʼlo darajada bajarishga intilgan, ayni vaqtda isteʼdodli yoshlarga yordam qoʻlini uzatib turgan jurnalistlar kamdan-kam uchraydi.
Yuqorida men nomini tilga olib oʻtgan Mannob Najmiddinov shunday insonlardan biri edi. Mening “Zarafshon” maktabiga talaba-xodim sifatida qabul qilinishimga ham Mannob aka sababchi boʻldi. U paytlarda Samarqanddagi “Hujum” pillachilik fabrikasida ishlab, SamDU oʻzbek va tojik filologiyasi fakultetining kechki boʻlimida oʻqir edim. Oʻsha paytda gazetaga korxona, ishchilar hayoti bilan bogʻliq maqolalar yozib turardim.
Kunlarning birida tahririyatning yaqinda ishga kelgan yosh xodimlaridan biri Jahongir Qoʻchqorov “Qachongacha ishchi boʻlib yuramiz. Bir sizbop ish bor. Uni menga taklif qilishgan edi. Koʻrib turibsiz, men gazetada ishlaydigan boʻldim. Oʻrnimga sizni taklif qilsam, borasizmi?” deb qoldi. Gap “Oʻzbekbirlashuv”ning Samarqanddagi sirtqi kooperativ texnikumi tahririyat-nashriyot boʻlimi haqida ketmoqda edi. Men oʻsha yerga ishga boradigan boʻldim. Muharrir vazifasida besh yilga yaqin ishladim. Texnikum tugatiladigan boʻldi. Toʻrt-besh oy davomida “Oʻqituvchi” nashriyotining taklifi bilan bir murakkab darslikni ruschadan oʻzbekchaga tarjima qildim. Keyin ish qidirib, “Zarafshon” tahririyatiga bordim. Muharrir oʻrinbosari boʻsh joy boʻlmaganini aytdi. Surishtirib, Samarqand tumanining “Sharq tongi” gazetasi tahririyatiga xodim kerakligini bildim va u yerga borib ishlashga qaror qildim.
“Ishni boshlashdan oldin Mannob akaning oldidan oʻtayin”, deb “Zarafshon” tahririyatiga kirdim. Oʻshanda Mannob aka sanoat va transport boʻlimi mudiri edi. Meni hamishagidek yaxshi qarshi oldi.
– Bir narsa keltirdingizmi? – deb soʻradi.
– Afsuski, boʻsh qoʻl bilan keldim. “Sharq tongi”ga boryapman. Ertaga ishga kirishmoqchiman, – dedim.
– Nega endi “Sharq tongi”ga borar ekansiz? Shu yerda ishlaysiz! – dedi qatʼiyatlik bilan.
– Bu yerda boʻsh joy yoʻq, deyishdi.
– Boʻsh joy topiladi. Redaktor bilan oʻzim gaplashaman…
Xullas, nasibam, “Zarafshon” ekan. Mannob aka Najmiddinovdek qattiqqoʻl jurnalistga shogird tushdim. Dastlab koʻp qiynaldim. Yigʻlagan paytlarim ham boʻldi. Osonroq ishga – radioga oʻtib ketishimga sal qoldi. Bu gal muharrir – Ahmadjon aka Muxtorov yoʻl bermadi. “Ketmaysiz! Shu yerda oʻsishingiz kerak” dedi. Eʼtiroz bildirolmadim. Keyin ishim izga tushdi, ogʻir vazifalarni ham osongina bajara boshladim. Ahmadjon akaning aytgani boʻldi.
Oʻttiz yil davomida adabiy xodimdan muharrir oʻrinbosari darajasigacha koʻtarildim. Maʼlum vaqt muharrir vazifasini ham bajardim. Adabiy xodim, boʻlimlarning mudiri boʻlib ishlaganda viloyatidagi oʻnlab sanoat korxonalari, qurilish, aloqa, xizmat tashkilotlariga takror-takror borib, rahbarlar, turli kasbdagi yuzlab odamlar bilan koʻrishdim, gazeta uchun jurnalistikaning turli janrlarida materiallar (oddiy xabardan felyetongacha) tayyorlab berdim. Koʻpchilikning hurmat-eʼtiborini qozondim. Ijodiy faoliyatim uchun orden, medallar, bir qancha faxriy yorliqlar, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining mukofoti bilan taqdirlandim. Eng muhimi, gazeta ishi men uchun qaynoq hayot maktabi boʻldi va adabiy, badiiy ijod maydoni sari dadil odim tashlashga imkon yaratdi.
Hozirgi paytda xorijda – Qrim shahrida istiqomat qilaman. Ammo qalbim mudom Samarqand bilan. Qolaversa, yigirmadan ortiq nazmiy va nasriy kitobning, shu jumladan, uch roman, uch qissa, sakkiz doston, oʻn dramatik asarning muallifi boʻlsam-da men oʻzimni jurnalist, deb hisoblayman. Chunki jurnalist sifatida koʻrsatgan faoliyatim badiiy asarlarimning poydevorini hosil qildi. Gʻoyat oʻtkir koʻzli, oʻtkir soʻzli, teran mulohazali kishigina haqiqiy jurnalist boʻlishi mumkin. Yana shuni qayd qilishim kerakki, jurnalist faqat qalbiga quloq solib ishlashi, haqiqatni yozishi lozim. Haqiqatnigina yozganni koʻpchilik “kuchli jurnalist” deydi. Hayotimning oʻttiz yili hayotbaxshda, yo nomi bilan atalgan “Zarafshon”ga singdi, “Zarafshon” esa mening qalbimdan oʻrin oldi. Ushbu nashrning barcha xodimlarini jurnalistlar kuni bilan chin qalbdan tabriklab, ijodiy joʻshqinlik, parvozlar tilayman va doimo kuchli jurnalist boʻlishga intilinglar, men esa hamisha siz bilan birgaman, sizning safingizdaman!
Iso ABDURAHMONOV,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist.