Yengil sanoatning muhim xom-ashyosi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani pillakorlari tomonidan joriy yilda 194 tonnadan ziyod “kumush tola” xirmonini yaratish rejalashtirilgan.
Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri, qolaversa, yengil sanoatning muhim xom-ashyosi hisoblanadi. Shu bois ham yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Oltinko‘l tumanida joriy yilda 3 ming 400 quti ipak qurti parvarishlanib, 194 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
[gallery-6686]
Tumandagi 12 ta markazlashgan inkubatoriya tanlab olinib, 5-6 aprel kunlari urug‘lar qo‘yilgan edi. Parvarishga tayyor bo‘lgan 850 quti ipak qurti urug‘lar tumandagi “Namuna”, Ashurov hamda “Andijon” massivlaridagi 670 ta pillakorga yetkazib berildi. Shu kunlarda yana 2 ming 550 quti ipak qurti tarqatildi. Umuman, joriy yilda tuman bo‘yicha 2 ming 800 nafar qurt boquvchi ishga jalb etiladi. Ularga har bir quti ipak qurti uchun 300 ming so‘mdan avans puli tarqatilmoqda.
Ayni kunda tumanda pilla yetishtirish bo‘yicha belgilangan ishlar reja asosida olib borilmoqda. Hozirga qadar ipak qurti boquvchilar bilan kelishuvlar tuzildi. Ular tomonidan so‘kchaklar tayyorlanib, ipak qurti parvarishi bo‘yicha barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish choralari ko‘rildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA