YeI koronavirus bo‘yicha muzokara olib boradi
Yevropa Ittifoqi Buyuk Britaniya va Fransiya chegarasida vujudga kelgan vaziyat bo‘yicha muzokara olib borish yo‘li bilan maqbul bir qarorga kelishi lozim. Tashkilot mutasaddilari Angliya va Uels bo‘ylab tarqalib ketgan koronavirusning yangi, yuqumli turi tufayli takroriy inqiroz xavfi yuzaga kelganini ta’kidlamoqda.
Bunga asosiy sabab sifatida ko‘plab Yevropadagi qo‘shni va boshqa mamlakatlar Buyuk Britaniyadan keladigan sayyohlari uchun o‘z chegaralarini yopib qo‘ygani ko‘rsatilmoqda.
Angliya yangi turdagi koronavirus to‘lqini London janubi-sharqida tez tarqalishini tasdiqlaganidan so‘ng, fransuz rasmiylari chegarani yopishga majbur bo‘ldi.
Fransiya Buyuk Britaniya orqali kirishni to‘sib qo‘ygach, bosh vazir Boris Jonson hukumati buning oqibatida kanalda ushlanib qolgan yuklarni tashishni kechiktirish masalasini hal qilishga kirishdi.
Ikki mamlakat rahbarlari chegaradagi yuklarni tashish kechikishi bilan bog‘liq muammoni bir necha soat ichida hal etishdan umidvor, dedi Jonson.
Jonson va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘rtasida kelishilgan choralar seshanba kuni e’lon qilinishi va chorshanba kuni kuchga kirishi kutilyapti.
Hozircha ko‘plab yuk mashinalari haydovchilari mana ikki sutkadirki, tunni o‘z transport vositalarida uxlab, chegara ochilishini kutib o‘tkazishmoqda. Buyuk Britaniya bosh vazirining aytishicha, Angliya janubi-sharqidagi Dover portiga olib boruvchi asosiy avtomobil magistralida turib qolgan yuk mashinalari soni yakshanba kuni kechqurun 500 dan 170 tagacha kamaydi.
O‘zA