YeI faoliyati uchun 2 trillion yevro
Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqining 2028-2034 yillarga mo‘ljallangan yangi, uzoq muddatli byudjet loyihasini taqdim etdi. Umumiy miqdori 2 trillion yevroni tashkil etadigan mazkur ko‘rsatkich avvalgi, 2020 yilgi moliyaviy rejaga nisbatan ancha salmoqli.
Fon der Lyayen fikricha, ayni reja orqali YeI “strategik, moslashuvchan va moliyaviy jihatdan mustaqil, kutilmagan inqirozlarga tezkor javob qaytarish imkoniga ega” bo‘ladi.
Byudjetning asosiy yo‘nalishlari sifatida Milliy va mintaqaviy sherikliklik (865 milliard yevro), Qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, ijtimoiy siyosat va hududiy taraqqiyot, Yevropa raqobatbardoshlik jamg‘armasi (410 milliard yevro) keltirilgan.
Innovatsiya, ilm-fan, raqamli texnologiya, mudofaa va energiya sohalariga sarmoya jalb qilish orqali esa qit’a iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash nazarda tutilgan.
200 milliard yevro qiymatga ega Global Yevropa zaxirasi tashqi siyosat vositalarini qamrab oladi. Shuningdek, Ukrainani qayta tiklash uchun alohida 100 milliard yevrolik jamg‘arma tashkil etilishi rejalashtirilgan. Favqulodda vaziyatlar uchun 400 milliard yevro shakllantiriladi. Yangi byudjet tarkibida inqiroz holati (pandemiya, urush, tabiiy ofat)da faqat a’zo davlatlar uchun mo‘ljallangan maxsus kredit tizimi bor. Ushbu mablag‘ doimiy emas, faqat istisno holatda ishga tushiriladi.
Mustaqil daromad manbai sifatida Yevrokomissiya elektr chiqindisi, tamaki mahsulotlari va yirik kompaniyalar daromadiga yangi Yevroittifoq solig‘i joriy etishni taklif qilmoqda. Shu tariqa yiliga 58,5 milliard yevro daromad olish va pandemiya davridagi qarzlarni har yili 24 milliard yevro ajratish orqali qoplash kutilyapti.
Huquq ustuvorligi – asosiy shart
Yangi byudjet a’zo davlatlarda demokratik tamoyilga rioya etilishini taqozo etadi. Bu o‘zgarish huquqiy qadriyat borasida tanqidga uchragan ayrim davlatlarga nisbatan moliyaviy nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Soddalashtirilgan tizim
Mavjud 52 dastur 16 taga qisqardi. Moliyaviy vositalarni holatga qarab tezkor taqsimlash imkoni yaratiladi. Qo‘shimcha mablag‘ – 292 milliard yevro ichki bozor, fuqaro muhofazasi, sud-huquq tizimi kabi yo‘nalishlarga, 49 milliard yevro Erasmus talaba almashinuvi dasturiga, yillik 24 milliard yevro SOVID davrida olingan qarzni bosqichma-bosqich to‘lashga ajratiladi. Fon der Lyayen taqdimotidan so‘ng byudjet bo‘yicha Yevroparlament va a’zo davlatlar o‘rtasida uzoq, murosasiz muzokara boshlandi. Byudjet qisqarishi, xususan qishloq xo‘jaligi va boshqa ayrim jamg‘armalar bo‘yicha o‘zgarish ayrim mamlakatlar noroziligiga sabab bo‘lishi mumkin.
Boshqa tomondan zamonaviy yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratilishi G‘arbiy va Shimoliy davlatlar tomonidan iliq kutib olinmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA