YeI delegatsiyasi rahbari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan Elchi Sharlotta Adrianni qabul qildi.
Elchi vazirga ishonch yorlig‘i nusxasini topshirdi.
A.Komilov YeI delegatsiyasi rahbarini mazkur tayinlov bilan tabrikladi, unga O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda muvaffaqiyat tiladi.
Suhbat davomida O‘zbekiston bilan YeI o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning joriy holati va istiqboli muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokara jarayonini ijobiy baholadilar.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan “O‘zbekiston - Yevropa Ittifoqi” hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi, “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotining navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali, kun tartibi va tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.
2021 yil mart oyi oxiriga qadar O‘zbekistonga «GSP+» maqomi berilishiga umid bildirildi, bu esa O‘zbekiston va YeI mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi.
YeI bilan ta’lim sohasida, xususan, yangi «Erasmus» dasturi orqali yaqin hamkorlikni kuchaytirishga qiziqish bildirildi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vazirligi
matbuot xizmati