"Ye-qaror" – shaffof tizim
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 iyundagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga “E-qaror” elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan respublikaning barcha darajadagi mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida “E-qaror” elektron tizimi joriy etildi.
Qarorga asosan, “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinayotgan qarorlar va farmoyishlar, shu jumladan, xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan qarorlar va farmoyishlarni ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish (chiqarish), ro‘yxatga olish va e’lon qilish jarayonlari monitoringini yuritish adliya organlari zimmasiga yuklatilgan.
Sirdaryo viloyat hokimligida tashkil etilgan tadbirda adliya boshqarmasi tomonidan 2022 yil davomida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.

Unda viloyat, tuman (shahar) hokimliklari yuridik xizmat xodimlari va tegishli mas’ullar ishtirok etdi. Tadbirni Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Tog‘ayev boshqarib bordi.
Ta’kidlanganidek, 2022 yilda monitoringlar natijasida jami 161 ta qaror va farmoyishlar qabul qilinishida qonunbuzilishi holatlari aniqlangan bo‘lib, mazkur holatlar yuzasidan kiritilgan 51 ta taqdimnoma va 40 ta ogohnoma natijasida 89 ta qaror bekor qilindi, 5 ta qaror qonunchilikka muvofiqlashtirildi.

Shu bilan birga, “E-qaror” elektron tizimidagi 41 ta qaror va farmoyishning maqomi o‘zgartirib chiqildi, 54 ta asossiz yashirilgan hujjatlar barcha uchun ochiq holatga va 48 ta qonunga zid ravishda ochiq holatda qabul qilingan qaror va farmoyishlar yopiq holatga o‘tkazildi.
Muloqotda “E-qaror” elektron tizimi bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Sh.Suyarov, O‘zA