Yaxshi kino erkinlik mevasidir
Toshkent xalqaro kinofestivali davom etmoqda. Unda 400 nafarga yaqin kinoijodkor va 37 mamlakatdan 60 nafarga yaqin taniqli kino yulduz ishtirok etmoqda.
Festivalga Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, AQSH, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston, Turkiya singari davlatlardan mashhur kinoijodkorlar ham tashrif buyurgan. Mezbon sifatida el ardog‘idagi san’atkorlar ham festival doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etmoqda. O‘zA muxbiri ularning taassurotlari bilan qiziqdi.
Nikita Mixalkov («Oskar» mukofoti sohibi):
– Haqiqiy iste’dodlar tanlovlarda kashf etiladi. Bunday festivallar ijodkorlarni har jabhada toblaydi. Ayniqsa, yoshlar uchun sohani mukammal egallashi uchun turtki, desam mubolag‘a emas. «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali tiklanganidan mamnunman. Vaqtida bu festival o‘z davrining noyob va o‘zgacha kino bayrami edi. Buni kinoijodkorlar, muxlislar orziqib kutar edi. Hozir bu qadriyatlar qayta tiklanayotgani, o‘zbek kinosiga yangi ruhiyat va kuch baxshida etishiga ishonaman.
Avval xalqaro festivallarda O‘zbekiston munosib ishtirok etardi. Sara va arzirli filmlari bor edi. Men ishonaman, tez orada o‘zbek kinosi bu nufuzni tiklab oladi. Muhimi, dadil qadamlar tashlandi.
Franko Nero (italiyalik aktyor):

– Kino erkinlik bor joyda rivojlanadi. Bu sohani kuzatadigan bo‘lsak, rivojlangan davlatlar har tomonlama ancha o‘zib ketgan. Mazkur kinofestival ham, o‘ylaymanki, O‘zbekiston uchun yaxshi va yangi marralarni olib keladi. Toshkent xalqaro kinofestivalida qatnashayotganimdan xursandman.
O‘zbekistonga kelishdan oldin uning tarixini o‘rgandim.Madaniyati bilan yaqindan tanishdim. O‘rnak bo‘ladigan tarixi, maqtasa arzirli madaniyati bor ekan. Toshkent esa zamonaviy shahar ekan. Buni kelgan kunimdandayoq sezdim.
Demak, O‘zbekistonda bunyodkorlik ishlari jadal rivojlanmoqda. Buni poytaxt shahar misolida aytish mumkin. Kinoijodkorlarga omad tilayman. O‘ylaymanki, festival o‘tgandan so‘ng ham hamkorligimiz davom etadi. Birgalikda yangi loyihalarni amalga oshiramiz.
Dilnoza Kubayeva, «Shuhrat» medali sohibi:

– Oxirgi paytlar kino sohasi vakillariga talab borgan sari ortib bormoqda. Bu esa ularning o‘z mahoratlari ustida yanada ko‘proq ishlashi zaruratini paydo qilmoqda.
bugungi kinofestival yoshlarni haqiqiy ijobiy energiyaga to‘ldirib, sohaga qiziqishlarini yanada oshirishlariga turtki bo‘ladi. O‘zbek kino sanoati nafaqat klassik filmlar bilan, balki zamonaviy filmlar bilan ham asta-sekin boyimoqda. Lekin tan olib aytishimiz kerak sohada ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas.
bugungi kunda yaxshi kinokartinalarimiz kamayib ketgan degan gaplar qulog‘imizga chalinadi, shunday bo‘lsada, ularning sifati ortsa ortyaptiki, aslo kamaymayapti. Kinofestivalning tanlov loyihalari orqali saralanayotgan yosh kino sohasi vakillarining harakati va mehnati sabab kino olamiga yangi va sifatli filmlar kirib keladi, deb o‘ylayman.
O‘zA muxbiri D. Mamatova yozib oldi.