Yashirin sex aniqlandi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotini ishlab chiqaruvchi yashirin sex aniqlandi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada G‘ijduvon tumani “Qassobon” mahallasida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan Sh.Z. o‘z hovlisida qo‘lbola usulda tayyorlangan moyjuvoz uskunasi yordamida qonunga xilof ravishda chigitdan olinadigan yog‘ mahsulotini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelganligi aniqlandi.

Tadbir davomida uning xonadonidan 1 dona qo‘lbola moyjuvoz uskunasi, 40 kilogramm paxta chigiti, 174 litr moyjuvozda ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘i va 270 kilogramm kunjara ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 186/2-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA