Yashirin korxona faoliyati fosh etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lbola usulda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan, qalbaki aksiz markalari bilan qadoqlangan alkogol mahsulotlari ishlab chiqarayotgan yashirin korxona faoliyati fosh etildi.
Bojxona organlari tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va aylanmada bo‘lishiga qarshi chora-tadbirlar tizimli ravishda davom etmoqda. Aholi salomatligiga jiddiy xavf soluvchi sifatsiz tayyorlangan alkogol mahsulotlarini aniqlash va ularni ishlab chiqarayotgan yashirin sexlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida boshqarma tomonidan mas’ul idoralar bilan hamkorlikda Nukus shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Nukus shahridagi “Bo‘z ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadonlardan biri xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada fuqaro N. Abibullayeva(Ism-familiyasi o‘zgartirilgan) tomonidan ijaraga olingan ushbu xonadondan qo‘lbola usulda alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun “yashirin korxona” sifatida foydalanilib kelinayotganligi fosh etildi. Unda qo‘lbola usulda tayyorlangan va qalbaki aksiz markalari bilan qadoqlangan jami 705 litr “Qaratau” yozuvli aroq mahsuloti, 640 litr “Antiseptik” yozuvli spirt, 3597 dona qalbaki aksiz markasi, 2187 dona shisha kapsulasi, 965 dona shisha idish qopqog‘i, 4 rulon etiketka, 20 litr filtrlangan suv, 1 dona muhr borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri