Yashillikdan ko‘zlar quvnaydi, dil yayraydi
Atrof-muhit musaffoligini asrash, tabiat yashilligini muhofaza qilish – xayrli ish. Shuning uchun ham Prezidentimiz boshlab bergan “Yashil makon” umummilliy tashabbusini hayotga keng tatbiq etishga barcha birdek faol ishtirok etmoqda.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, talabalari bu kabi xayrli ishlarda hamisha faol bo‘lib kelgan. Bugun ham ushbu an’anaga muvofiq “Yashil makon” umummilliy loyihasida har birimiz faol bo‘laylik!” shiori ostida ko‘chat ekish tadbiri o‘tkazildi.

– Hozirda yurtimizning qaysi bir go‘shasiga bormang, yashillik libosiga o‘rangan tabiatning tarovatidan bahri dilingiz ochiladi, – dedi institut rektori Orifjon Bozorov. – Bu nimaning samarasi. “Yashil makon” umummilliy dasturining va bunda faollik, fidoyilik, fidokorlik namunalarini ko‘rsatayotgan millionlab insonlarning mehnati mevasi bu. Ushbu sa’y-harakatlar faqat nihollarni yerga qadash bilan yakun topmaydi. Balki, uni voyaga yetib, ulkan daraxtga, bog‘-rog‘larga aylanguniga qadar uzluksiz davom etadi.
Tadbir viloyat faxriylari – Yanvar Inoyatov, Eson Rajabov hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi raisi Baxtiyor Jo‘rayev, keksa professor-o‘qituvchilar ishtiroki bilan fayzli bo‘ldi. Nuroniylarimiz yoshlar ko‘magida daraxt ko‘chatlarini o‘tqazdi.
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida 12 ming tup atirgul, terak va tol qalamchalari, 170 dona manzarali va 370 tup mevali daraxt ko‘chatlari ekildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.