"Yashil" tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-oktabr kuni kasaba uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda mehnat jamoalarida ekologik madaniyatni yuksaltirish, «Kasaba uyushmalari bog‘lari»ni barpo etish ishlari hamda «Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yakunlari sarhisob qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashi raisi Rustam Tursunmuradov, tarmoq kasaba uyushmalari vakillari, boshlang‘ich kasaba uyushmalari raislari hamda mehnat jamoalari faollari ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, Prezident tomonidan kasaba uyushmalari oldiga qo‘yilgan vazifalar mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholi uchun sog‘lom atrof-muhit yaratishga ham qaratilgan.
Shu asosda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashi tomonidan viloyatda «Kasaba uyushmalari bog‘lari» tashkil etilmoqda. Mazkur tashabbus kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan uyg‘un holda mehnat jamoalarida ekologik madaniyatni yuksaltirish, yashil hududlar maydonini kengaytirish hamda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Toshkent kimyo-texnologiyalari institutining Yangiyer filiali hududida 0,5 gektar maydonda zamonaviy landshaft talablari asosida «Kasaba uyushmalari bog‘i» barpo etildi. Bu yerga besh turdagi 150 tup meva va manzarali daraxt hamda to‘rt turdagi 600 tup gul ko‘chati ekildi.
[gallery-30230]
Sirdaryo tumanidagi «SIRDARYO-MEGA-LUKS» mas’uliyati cheklangan jamiyati hududida 10 gektar maydonda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilib, eman, dub, oqqayin va sasna kabi daraxtlarning 18 ming tupi hamda 40 ming tup gul ko‘chati o‘tqazildi.
Shuningdek, Shirin shahridagi «Sirdaryo IES» aksiyadorlik jamiyati hududida 0,8 gektar maydonda «Kasaba uyushmalari bog‘i» tashkil qilinib, olti turdagi 70 tup manzarali daraxt va 500 tup gul ko‘chati ekildi.
Tadbirda bugun iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit muhofazasi, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va chiqindilarni kamaytirish masalalari dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi. Shu bois mehnat jamoalarida energiya tejamkorligi, chiqindilarni saralash, daraxt ekish, «yashil ofis» va «yashil ish joyi» tamoyillarini keng joriy etish muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda «Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblari ham e’lon qilindi. Tanlov yakunlariga ko‘ra Boyovut tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabi, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi, Sayxunobod tumani tibbiyot birlashmasi, Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi boshlang‘ich kasaba uyushmasi hamda Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi g‘olib deb topildi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyati kengashi diplomlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA