Yashil taraqqiyot uchun kurashamiz!
Buxoroda O‘zbekiston Ekologik partiyasining “Yashil taraqqiyot uchun kurashamiz!” shiori ostida respublika ekoforumi o‘tkazildi.
Xorazm, Navoiy hamda Buxorodan 150 nafar yosh qatnashgan ekoforumning ochilishida O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev so‘zga chiqdi.
–Yer yuzining turli nuqtalarida global ekologik muammolar kuzatilayotgan ekan, bu bizning mamlakatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi, –dedi A.Hamzayev. –Oldimizda turgan vazifalar nihoyatda zalvorli. Ularni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishda har biringizdan bor bilim va mahoratingizni ishga solishni, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, siz kabi yoshlar Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yonib yashashingizni so‘rab qolgan bo‘lardim.
Tadbir doirasida Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Ekologik barqarorlik uchun: ilmiy-amaliy yondashuvlar va yechimlar” mavzusida ilmiy–amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
[gallery-13878]
–Bugun insoniyatning tabiatga nisbatan salbiy munosabatlari oqibatlariga guvoh bo‘lib turibmiz, –deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyat kengashi raisi Jahongir Sharipov. –Uzoq yillar mobaynida tabiatga yetkazilgan ta’sir oqibatida tabiiy muvozanatga putur yetdi. Bugungi kunga kelib esa, insoniyat tamadduni, uning ertangi taqdiri aynan shunday masalalarni hal etishni taqozo qilmoqda.
Forum qatnashchilari “Aholitrans” chiqindilarni qayta ishlovchi mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.
Korxona tomonidan viloyatda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha ma’lumot berildi.
Qatnashchilar Jayron ixtisoslashtirilgan pitomnigida bo‘lishdi.
–“Jayron" Buxoro ixtisoslashgan pitomnigi – Buxoro viloyatida Kogon shahri janubidagi Momojurgoti platosi etagida joylashgan, – deydi “Jayron” Buxoro ixtisoslashgan pitomnigi direktori o‘rinbosari Dilshod Tursunov. – O‘rta Osiyoda noyob cho‘l hayvonlarini ko‘paytirish va reintroduksiyalashga ixtisoslashgan ilmiy markaz. 1976 yilda tashkil etilgan. Maydoni 5145 gektarni tashkil etadi. Qo‘riqxona hududida O‘zbekiston Respublikasi va Xalqaro qizil kitoblariga kiritilgan ko‘plab turlar yashaydi. Jayron pitomnigida o‘simliklarning 250 dan ortiq turi o‘sadi. Hayvonlardan sut emizuvchilarning 32, qushlarning yil davomida 250 dan ortiq, sudralib yuruvchilarning 18, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2, baliqlarning 8 hamda umurtqasizlarning 700 dan ortiq turi uchrashi aniqlangan.
Ekoforum doirasida partiya vakillari uchun “Neftchi” oromgohida seminar tashkil etildi. Unda Xorazm, Navoiy, Buxoro, Samarqand, Jizzaxdan tashrif buyurgan xodimlar, tuman va shahar raislari ishtirok etdi.
O‘quv-seminarda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Buxoro viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari, siyosatshunos Jamshid Jo‘rayev, siyosatshunos Feruz Bafoyev “O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning huquqiy asoslari” mavzusida ma’ruza qildi. Demokratik jarayonlarda siyosiy partiya pozitsiyasini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ekoforum qatnashchilari Buxoro shahridagi “Labi hovuz” kompleksida bo‘lib, tarixiy obidalar va umri boqiy daraxtlar bilan tanishdi.
Umri boqiy Balx tuti daraxtlari “Labi Hovuz” kompleksida joylashgan bo‘lib, ular 500-550 yoshda. Ushbu majmua atrofida xuddi shunday muhofazaga olingan umri boqiy daraxtlar soni 6 tadir.
Xazon yoqilganda ajralib chiqadigan moddalar inson salomatligi va atrof-muhitga katta zarar yetkazadi (1 tonna xazon yoqilganda 30 kilogramm SO va boshqa zararli moddalar hosil bo‘ladi). Xazon tutuni atmosferadagi kislorod miqdorini kamaytirib, bunday havodan nafas olgan insonlarda ko‘pgina og‘ir turdagi kasalliklar kelib chiqadi. Xazonlarni yoqish javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Shu kabi ma’lumotlar bilan tanishgan ekoforumda qatnashayotgan yoshlar “Neftchi” oromgohi hududidagi xazonlarni tozalash aksiyasini tashkil etishdi. Aksiya uyushqoqlik bilan amalga oshirildi.
Forum yakunida faol ishtirokchilar taqdirlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.