“Yashil qoplama” qum bo‘ronlarining oldini oladi
Buxoro viloyati Olot tumani “Qirlishon” hududidagi Dengizko‘l yon bag‘rida ekologik holatni yaxshilash, Orol dengizining suvi qurigan tubi va Orolbo‘yi mintaqasidan ko‘tarilayotgan qum, tuz va chang zarrachalarining salbiy ta’sirini kamaytirish, bu hududlarda cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etish ishlarini izchillik bilan davom ettirish hamda global iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini yanada yumshatish maqsadida viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi hamda tuman hokimligi tomonidan “Yashil qoplama” hosil qilish tufayli qum bo‘ronlarini bartaraf etish” mavzusida o‘quv-amaliy ko‘rgazmali seminar uyushtirildi.
Tadbirda hukumatning sohaga oid me’yoriy hujjatlari asosida Buxoro viloyati hokimining “Yashil qoplamalar” barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha o‘rganildi. Unga ko‘ra, 2022–2026 yillarda umumiy maydoni 200 ming gektar maydonda “yashil qoplama” yaratish – ixotalash choralarini ko‘rish, ekish ishlarini amalga oshirish harakatiga kirishilgan.

Jumladan, joriy yilda chekka Olot tumanidagi cho‘l massivlarida 40 ming gektardan ziyod hududda ekish ishlari rejalashtirilgan. Bu ishlarga 20 dan ortiq haydov texnikasi vositasida 100 tonnadan ortiq saksovul urug‘i, o‘ttizdan ortiq ishchi kuchi jalb qilingan.
Bevosita o‘tgan yilda Jondor tumani Qoraqum cho‘lida 20 ming gektar, Shofirkon tumanida, kimsasiz Qizilqum cho‘li bag‘rida 20 ming gektar yer maydonida ekish ishlari amalga oshirilgan. Bunda foydalanilayotgan jami 31 ta transport vositasi viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tizimidagi tumanlar o‘rmon xo‘jaliklari texnika parklari tasarrufida bo‘lib, ayni kunda yuzdan ziyod ishchi bu dolzarb yumushga jalb qilingan.

– Iqlim o‘zgarishida tuz bo‘roni yoki qum ko‘chishi oldini olish muhim o‘rin tutadi, –deydi tuman hokimi Nargiza Ne’matova. –Afsuski, bu kabi salbiy holatlar keyingi yillarda Buxoro viloyatida ham kuzatilayotgani nihoyatda tashvishlanarli. Kimsasiz cho‘l massivlaridan esayotgan shamollar sababli yuzaga kelayotgan qum bo‘ronlari natijasida havo tarkibida chang va tuz miqdori me’yordan ortib borayotgani hech kimga sir emas. Bu ko‘ngilsiz vaziyatdan xalos bo‘lish uchun avvalo saksovul, yulg‘in, cherkez kabi cho‘l o‘simliklarini ko‘paytirish, atrof-muhit tabiiyligini saqlagan holda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish juda muhim. Bu o‘z o‘rnida quruq va suv tanqis mahalliy sharoitda qum ko‘chishlarining ham oldini oladi. Shuningdek, bu usul yerning ustki qismida shamol tezligini kamaytirish imkonini ham beradi. Olim va mutaxassislar o‘rganishlaricha, 3 yillik saksovulzorda qum ko‘chishi 55 foizga, 5 yillik saksovulzorda esa 79 foizga kamayarkan. Buni qarangki, mazkur buta 7 yoshda yanada o‘sib, o‘sha hududda bu kabi salbiy holatlar butunlay to‘xtaydi. Uning ildizi baquvvat bo‘lib, bir tupi 10 tonnagacha qumni mustahkamlab, ko‘chkilarga yo‘l bermaydi. Ildizi tuproqqa chuqur kirib borib, gorizontal yo‘nalishda sakkiz metrgacha yetishidan ma’lumki, qumlarni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega.

Umuman, “Yashil qoplama” sa’y-harakati mazmun-mohiyatiga to‘xtalsak, cho‘l massivida bajarilgan ekish va nihol ko‘kartirish ishlari avvalo, tumandoshlarimiz salomatligini saqlash, ekologik nomutanosibliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri