“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi
Nukus shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi daraxt ko‘chatlarini ekish ishlariga start berildi.
Unda idora-tashkilot rahbarlari, faol yoshlar, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Ekish ishlari oldidan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yurtimiz farovonligi va atrof-muhit tozaligini ta’minlash va yashil hududlarning barpo etilishida butun xalqimiz bilan birga hissa qo‘shishimiz kerakligini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda yashil hududlarni kengaytirish hamda ekologik vaziyatni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida shahar va tumanlarda turli manzarali hamda mevali daraxt ko‘chatlari ekilishi davom ettirilmoqda.

Bu yilgi kuzgi daraxt ekish mavsumida 8 million 780 mingdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish, Nukus shahri va tuman markazlaridagi 19 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida ko‘chatxonalarda 10 million donadan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari tayyorlanmoqda.
Tadbirdan so‘ng, tayyorlangan yer maydonlariga ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA