“Yashil makon”: ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi
Joriy yil 11 oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi. Aksiya doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi barcha shahar va tumanlarida ko‘chat ekish ishlari davom etmoqda.

Qorao‘zak tumanida joriy yil kuz mavsumida 240 ming 700 tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan tuman davlat o‘rmon xo‘jaligida ko‘rgazmali seminar tashkil kilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi, O'zLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov, davlat o‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi N.Bakirov, tuman hokimligi va tegishli soha vakillari ishtirok etdi.

Unda aksiya davomida daraxt ekiladigan yerlarni sifatli tayyorlash, ekilgan mevali daraxt ko‘chatlarini parvarishlash ishlarini agrotexnik qoidalarga rioya qilgan holda olib borish zarur ekanligi aytilli. Maqsad, faqat aksiyada ishtirok etish emas, balki bog‘ barpo etish orqali yurtimiz obodligiga hissa qo‘shishdir. Tadbir ishtirokchilari tomonidan bir gektardan ziyod maydonga ko‘chat ekish ishlarini boshlab yuborildi.
Ko‘rgazmali seminar Taxtako‘pir va Chimboy tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA