“Yashil makon” – kelajak oldidagi mas’uliyat
Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish – ezgu amal. Otalarning farzandiga atab nihol ekishi qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Buning ramziy ma’nosi shuki, oradan yillar o‘tib, o‘sha qalamchalar daraxtga aylanib, uning uchun qurilajak yangi uyning ustuni bo‘lishi niyat qilingan.
Buxoro viloyati Vobkent tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar davom etmoqda. Hozirgi paytda yurtimizning turli iqlim va tuproq sharoitida terakning 90 tadan ortiq navi parvarishlanmoqda.
– Terak barcha turdagi daraxtlar orasida eng yaxshi havo tozalovchi hisoblanadi, – deydi keksa dehqon Yodgor bobo Komilov. – Karbonat angidridni o‘ziga singdirib, igna bargli daraxtlarga nisbatan 10 baravar ko‘p kislorod hosil qiladi. Bu turdagi daraxtlar manzarali bo‘lishi va joy tanlamasligi sababli ihota va o‘rmon muhofazasi, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida muhim ahamiyatga ega.


Jumladan, Vobkent tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan 42 ta ta’lim dargohiga terak qalamchalari qurildi. Tumandagi 5- va 7-sonli umumta’lim maktabida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 70 tup archa, 10 tup mevali ko‘chat va 500 dona terak qalamchalari o‘tqazilib, parvarishi boshlangan. Kelgusida teraklardan olinadigan daromad maktabning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga sarflanishi nazarda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri