"Yashil makon": ezgu amallar namoyishi
Yashil olamni saqlash va yashil hududlarni kengaytirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi shahar va qishloqlarimizni yashil maydonga aylantirish, go‘zal bog‘-rog‘lar barpo etish imkonini beradi. Bu boradagi ishlar esa Sirdaryo viloyatida ham boshlab yuborildi.

"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘chat ekish, bog‘ yaratish ishlarida nafaqat viloyat, tuman va shahar hokimligi, balki, barcha davlat va nodavlat tashkilotlari rahbar va xodimlari, aholi vakillari faol ishtirok etmoqda.
Yashil hudud bunyodkorlari o‘z yashash hududlari, tuman va shahar markazlariga, iqlim sharoitlaridan kelib chiqib eman, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayrag‘och, pavloniya, zarang, akatsiya, terak, chinor, tut, jiyda, yong‘oq va boshqa mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekmoqda. "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish, ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan dolzarb 40 kunlik ishlariga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

– Baxt indeksini belgilashda ekologik omillar ham yetakchi o‘rin tutadi, –deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyati boshqaruvi raisi Bahodir To‘xtasinov. – O‘lkada yashil olam qanchalik katta hududni egallasa, shuncha osmonimiz musaffo bo‘ladi. Shuning uchun, biz, fond xodimlari bioxilma-xillikni asrash, yashil olamni kengaytirish borasidagi bu xayrli loyihada faol ishtirok etdik.
Shuhrat Suyarov, O‘zA