“Yashil iqtisodiyot”: chiqindidan energiya olinadi
Buxoro viloyati Kogon tumani “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan zamonaviy investitsiya loyihasining tamal toshi qo‘yildi.
Ushbu muhim tashabbus hududda ekologik vaziyatni yaxshilash, chiqindilarni samarali boshqarish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam sifatida e’tirof etilmoqda.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Xitoy Xalq Respublikasining “Wangneng Environment” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Shan Chao hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov ishtirok etib, so‘zga chiqdi.
Unda ta’kidlanganidek, ushbu loyiha doirasida xorijiy hamkorlar tomonidan 165 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Zavod 30 yil davomida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, uni 2028 yili ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Yangi korxona yiliga 547,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Natijada yiliga 230 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ta’minlanadi. Bu esa nafaqat energiya ta’minotini yaxshilaydi, balki chiqindilar hajmini kamaytirish orqali atrof-muhit muhofazasiga ham katta hissa qo‘shadi.
Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi natijasida hududda qo‘shimcha 150 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday yirik ekologik va iqtisodiy tashabbuslar chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini hayotga tatbiq etish, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.