Yashashga ham vaqt qolsin,birodar?!
Koʻrishganda esa quvonib ketadilar yoki quvongandek koʻrsatadi oʻzlarini.
Hovli eshigi kodlangan.
Koʻpqavatli uyning yoʻlak eshigi kodli.
Xonadon eshigini ham kodni bilmagan kishi ocholmaydi.
Telefon kodlangan.
Kompyuter kodlangan.
Seyfdagi hujjatlar va jamgʻarilgan pullarni ham maxsus kod himoyalaydi.
Yonimizdagi sumkachaning ham 4 ta raqamli kodi bor – birov oʻgʻirlab ketsa ham foydasiz...
Maktabga, universitetga kirishda maxsus yorliq bor. Uni nur shuʼlalanib turgan uskunadan tasdiqlatib olmasangiz, kirolmaysiz.
... Ana shunday vaziyatda qadim ajdodlarning erkin, ozod qoni bir zum tanimda gupurib ketadi. Miyamga raqamlardan tashqari nima qoldi oʻzi degan oʻy uriladi.
Uydagi bolalarning qalbi-chi?
Kun boʻyi roʻzgʻor yumushlari bilan andarmon boʻlgan ayolning yuragiga qanday tilsim orqali kiriladi?
Doʻstimga hasratlashish uchun qoʻngʻiroq qilsam, uning ham kayfiyat, vaqt kabi kodlarini terishim zarurmikin?
Biz ana shunday raqamlar qurshovida yashashni boshladik.
Goho hayron boʻlaman: nega odamlar bir-biridan uzoqlashib boryapti? Biri ikkinchisini yillab koʻrmasa ham parvoyi falak. Koʻrishganda esa quvonib ketadilar yoki quvongandek koʻrsatadi oʻzlarini. Har holda vaqt yetishmayapti. Buni tan olish zarur. Ammo avvalgidan besh-oʻn barobar chaqqon transport vositalari bor, internet degan qoʻl-oyogʻi yengil xizmatchi, telefon imkoniyatlari koʻp ishlarni oʻzidan bilib ado etyapti. Shunday boʻlsa ham vaqt yetmayotir. Bu narsa qishloqlarda ham sezilayapti. Birovning uyiga mehmonga borish, bir-ikki kun turib qaytish kabi holatlarni hatto qariyalarimiz ham tark etmoqda. Oʻsha otaxon yoki onaxondan shoshilishi sababini soʻrasangiz, qizgʻin tarzda shunday deydi: “Hozir gap sotib oʻtiradigan zamon emas. Bolalarning oldiga borayin. Yigʻim-terim payti. Qoʻradagi mollarni bir aylantirib kelsam ham harna-da...”
Bolalar-chi? Bolalar ham band. Shahar joylarda bolalar maktab va maktabdan keyingi toʻgaraklar va mashgʻulotlardan ortmaydi. Ingliz tilidan repetitor, rus tilidan repetitor, suzishga, rasm chizishga yana bir balolarni oʻrganishga borish kerak. “Dom” orasida yoki maktab stadionida toʻp tepib yurishga vaqt yoʻq.
Qishloq bolalarining gardanida tomorqa va chorva tashvishlari bor. Maktab ham bor, albatta. Biroz kech qolsa otasidan haqini oladi.Lekin oʻyinga vaqt yoʻq.
Ha, hayot murakkablashdi. Yashash shartlari koʻpayib ketdi. Ularni chetlab oʻtib boʻlmaydi, chetlamoqchi boʻlgan odamning oʻzi chetda qolib ketadi. Berilib musiqa tinglashga, bolalarga ertak aytib berishga, mahalladosh chol bilan hech bir manfaatsiz miriqib suhbatlashishga hafsala qolmayapti. Ishlash kerak, vassalom!
Bugun 14 yoshli bolani kitob oʻqimaslikda ayblash koʻp toʻgʻri emas. Uni oʻrab turgan axborot manbalari shu qadar koʻpki, qaysi biriga “aʼzo” boʻlishga hayron turibdi u.
Biz goho “Adirda qoʻy boqib, belimizga kitobni bogʻlab olib yurardik. Sharoit yoʻq edi. Lekin oʻqirdik. Senlar shuncha sharoit boʻlsa ham oʻqimayapsilar” deb koyib qolamiz. Ammo bizda oldimizdagi yaydoq dasht va murodi qorin toʻydirish boʻlgan jonivorlardan boshqa ermak, chalgʻituvchi narsa yoʻq ediki, kitob oʻqishdan boshqa chora ham qolmasdi.
Alqissa, kodlangan hayotimizni yengillatish, koʻngilni, odamiylikni asrab qolish uchun zamonni va yangiliklarni aybdor qilmaslik kerakka oʻxshaydi. Aksincha, hamma kodlar qalbimizda ekanini tushunish zarur. Koʻngilni kengroq qilib, sof oʻzbekcha aytganda, “Boʻladi-da. Bulturdan qolgan ish bormi?” deya olish kerak. Toʻy – toʻy, aza – aza boʻlishi, bolalarning bolaligi oʻgʻirlanmasligi, keksalarning gashtli davri manfaatimizga xizmat qilmasligi lozim. “Men yashashga kelganman!” deb hayqirgan edi Balzak qahramonlaridan biri.
Xullas, kodlarni oʻzimiz oʻylab topganmiz, oʻzimiz yechimini ham topa bilamiz. Faqat birozgina kengroq boʻlaylik!