Yarim avtomat kir yuvish mashinalari korxonasi
Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Uyg‘ur mahallasida “Vodiy oltin kuz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangi korxona ish boshladi.
Korxona ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tadbir ishtirokchilarini mustaqilligimizning o‘ttiz yillik bayrami bilan muborakbod etib, keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, Andijon viloyatida mahalliy korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni joriy etish, yangi yangi loyihalarni ishga tushirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Umumiy qiymati 3 milliard 161 million so‘mga teng loyiha doirasida qariyb 1 gektar hududda tashkil etilgan yangi korxonada zamonaviy turdagi yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi.
– Korxonamizda yiliga 20 ming dona yarim avtomat kir yuvish mashinalari ishlab chiqariladi, – deydi korxona rahbari Otabek Usmonov. – Mahsulotlarimiz sifat jihatdan belgilangan barcha talablarga to‘la javob beradi. Ishonamanki, qisqa muddat ichida mahsulotimiz ichki bozordagi xaridorgir mahsulotlar qatoridan o‘rin oladi.
Xitoy davlatidan keltirilgan eng zamonaviy texnologik liniyalari bilan jihozlangan korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotlar turdosh mahsulotlar import xajmini kamaytirish, ichki bozorni arzon va yuqori sifatli maishiy texnika vositalari bilan to‘ldirish imkonini beradi.
Korxonaning ishga tushishi bilan 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
[gallery-3716]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA