Yarashuv institutini qoʻllash doirasi kengayadi
Milliy qonunchilikka yarashuv instituti kiritilganiga ham yigirma yilga yaqinlashdi.
Munosabat
Milliy qonunchilikka yarashuv instituti kiritilganiga ham yigirma yilga yaqinlashdi. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur institut fuqarolar manfaatlariga xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birga, uning samarali jihatlari inobatga olinib, taʼsir doirasi kengaytirilmoqda.
2001-yil 29-avgustdagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan Jinoyat kodeksi 66-1-modda bilan toʻldirilib, yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish instituti joriy etildi.
Yarashuvni birinchi marta jinoyat sodir qilgan shaxslarga qoʻllash mumkin edi. 2004-yilda esa yarashuv instituti rivojlantirilib, “birinchi marta”, degan soʻzlar qonundan chiqarib tashlandi. Yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni qoʻllash mumkin boʻlgan jinoyatlarning doirasi yana-da kengaytirildi.
Yarashuv instituti shartiga koʻra, jinoyat sodir etgan shaxs, agar u oʻz aybiga iqror boʻlsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bunda, eng muhimi, aybdor bilan jabrlanuvchining yarashganligidir. Yarashish toʻgʻrisidagi tashabbus aybdor yoki jabrlanuvchi tomonidan boʻlganining ahamiyati yoʻq.
Shuningdek, qonunda yarashuvni qoʻllashni istisno etuvchi qoida ham mavjud boʻlib, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmaydi.
Yarashuv instituti joriy qilinganidan hozirgi kunga qadar yarashganlik munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilishni qoʻllash mumkin boʻlgan jinoyatlar doirasi kengayib bordi, institutning mohiyati esa oʻzgarmay keldi.
Yaʼni shaxsning harakatlari surishtiruv yoki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksi 66-1-moddasida nazarda tutilgan moddalar bilan kvalifikatsiya qilingandagina shaxs birinchi instansiya sudining ajrimiga asosan yarashganlik munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, shaxsning harakatlari tergov organi yoki birinchi bosqich sudi tomonidan notoʻgʻri kvalifikatsiya qilinib, bu xato birinchi bosqich yoxud yuqori instansiya sudi tomonidan toʻgʻrilanishi oqibatida shaxsning harakatlari yarashuvni qoʻllash mumkin boʻlgan moddalar doirasiga tushadigan boʻlsa, shuningdek, yuqori instansiyada taraflar yarashuvga rozi boʻlsa, yarashuv institutini qoʻllab, shaxsni javobgarlikdan ozod qilish imkoni mavjud emas. Qonundagi bu boʻshliq oʻz-oʻzidan shaxsning yarashuvga boʻlgan huquqi cheklanishiga sabab boʻlmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida yarashuv institutini takomillashtirish, qonunchilik va amaliyotdagi muammolar oʻz yechimini topishiga xizmat qiladigan konseptual yoʻnalishlar belgilab berildi.
Farmonda shaxsga eʼlon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganidan qatʼi nazar, yarashuv instituti doirasiga tushadigan Jinoyat kodeksi Maxsus qismining moddasi yoki qismiga oʻzgartirilgan hollarda yarashuv institutini qoʻllash tartibini joriy qilish belgilandi.
Bu sudlarga istalgan instansiyada shaxsni yarashganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish imkonini berishi bilan birga, fuqarolarning sudlanganlik tamgʻasidan xalos boʻlishiga imkon beradi.
Shuningdek, farmonga muvofiq, ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar yarashilganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilmasligiga oid qoida voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar va ehtiyotsizlik qilib jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilmasligi ham nazarda tutildi.
Demak, endilikda voyaga yetmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlari, ayollar, oltmish yoshdan oshgan erkaklar, shuningdek, ehtiyotsizlik tufayli jinoyat sodir etgan shaxslarning har qanday holatda ham yarashuvga boʻlgan huquqi taʼminlanadi.
Yarashuv institutini takomillashtirish borasidagi bunday muhim oʻzgarish insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillari kuchayganidan dalolatdir.
Elbek TURGʻUNBOYEV,
Jinoyat ishlari boʻyicha
Toshkent shahar sudi sudyasi.