Yarashmoq munosabatni yaxshilamoqdir
Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida sud-huquq tizimini liberallashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, amaliyotga yarashuv institutining joriy etilishi natijasida minglab fuqarolar “qamalgan”, degan tamg‘adan asrab qolindi, minglab oilalar o‘rtasida dushmanlik kayfiyati paydo bo‘lishiga to‘siq qo‘yildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudining sudyasi Azimjon Hakimov jinoyat qonunchiligiga yarashuv institutining joriy etilishi kutilgan samarani berayotganini ta’kidlab, misollar yordamida so‘zlab berdi.
– 2001 yil 29 avgustda “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JK 661-moddasi bilan to‘ldirilib, jinoyat qonunchiligiga moddada sanab o‘tilgan jinoyatlar uchun jinoyatlarni birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoida kiritildi. Birinchi marta jinoyat qonunchiligiga yarashuv instituti joriy etilib, bugungi kungacha takomillashtirilgan holda amaliyotda keng qo‘llanilib, o‘zining ijobiy natijasini berib kelmoqda. Inson bilib-bilmay xatolikka yo‘l qo‘yadi. Ba’zida esa o‘z harakatini boshqara olmay huquqbuzarlik sodir etadi. Mamlakatimizda jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan jinoyat qonunchiligida yarashuv instituti joriy etildi. Natijada, juda ko‘p hamyurtlarimiz rahmdillik va kechirimlilik kabi milliy qadriyatlarimizning qonunda ifodasini topganligi tufayli “sudlangan” tamg‘asidan qutilmoqda.
Shu o‘rinda bir misolni keltirsak. Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi I.K. o‘tgan yil 20 oktyabr kuni o‘ziga tegishli bo‘lgan “Matiz” rusumli avtomashinasini boshqarib borib, belgilangan qoidaga rioya qilmagan. Natijada, u yo‘l chetidan ikkinchi tomonga o‘tayotgan piyodani urib yuborib tan jarohati yetkazgan. Yo‘l-transport hodisasi natijasida piyoda og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga olib borilgan.
Dastlabki tergovda gumonlanuvchi I.K. va jabrlanuvchi Ye.F. ariza bilan murojaat qilib, jinoyat ishini yarashganliklari munosabati bilan tugatishni so‘rashgan.
Sud majlisida gumon qilinuvchi I.K. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini, jabrlanuvchi bilan o‘zaro yarashganini, Ye.F.ga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplab berganini, jabrlanuvchining unga nisbatan da’vosi yo‘qligini inobatga olgan holda o‘ziga nisbatan jinoyat ishini yarashuv asosida harakatdan tugatishni so‘radi.
Jabrlanuvchi ham sud majlisida I.K.ga nisbatan hech qanday da’vo va e’tirozlari yo‘qligini, u bilan yarashish to‘g‘risida ariza berganini, o‘rtalaridagi yarashuv ixtiyoriy ekanini bildirib, suddan yarashuvni tasdiqlashni va jinoyat ishini tugatishni so‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 66-1 moddasiga muvofiq, JKning 266-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘z aybiga iqror bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashgani munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.
Sud mazkur jinoyat ishini taraflar yarashgani munosabati bilan harakatdan tugatib, I.K.ni javobgarlikdan ozod qildi.
Aytish kerakki, yarashuv institutining keng qo‘llanilayotgani tufayli qanchadan qancha hamyurtlarimiz jazodan ozod etilib, oilasi bag‘rida hayot kechirmoqda. Eng muhimi, ular o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan adovatlarga barham berilmoqda. Qonunimizdagi insonparvarlik tufayli bilib-bilmay xatolikka yo‘l qo‘yganlar o‘zaro yarashib munosabatlarini yaxshilamoqda, – deydi Azimjon Hakimov.
Mohigul Qosimova yozib oldi, O‘zA