Yaponiyaning davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribasi o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida Yaponiyaga xizmat safari bilan tashrif buyurdi.
IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti rahbariyati va xodimlaridan iborat delegatsiya tashrif davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlarini tashkil etish tizimi bilan tanishdi.
Delegatsiyaga IIV huzuridagi Migratsiya va personallashtirish departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik U.Mirzaqambarov rahbarlik qildi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya a’zolari My Number Card identifikatsiya kartalarini berish markazi hamda Sindzyuku pasport markaziga tashrif buyurib, mazkur muassasalarning tashkiliy tuzilmasi, faoliyat yuritish mexanizmlari, shuningdek, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizimlari bilan tanishdi.

Yaponiya tomoni delegatsiyani shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish va berish bo‘yicha davlat xizmatlarini tashkil etish, davlat xizmatlarini elektron shaklda ko‘rsatish, jumladan, hujjatlarni masofadan turib rasmiylashtirish hamda maxsus mobil ilovalardan foydalanish tartiblari, “My Number Card” identifikatsiya kartalarini tayyorlash jarayonlari va himoya elementlari yo‘nalishlaridagi amaliy tajriba bilan batafsil tanishtirdi.
Mazkur xizmat safari O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi.
Tashrif davomida orttirilgan tajriba va o‘rganilgan zamonaviy amaliyotlar davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, samarali boshqaruv yechimlarini joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA