Yaponiyalik sayyohlar soni oshadi
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi vitse-prezidenti Keyichiro Nakazava hamda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakili Suguru Miyazaki Samarqandda tashrif buyurdi.
Mehmonlar dastlab Samarqand xalqaro aeroportida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Samarqand xalqaro aeroporti direktori Saydulla To‘xtasinov ham “AIR Marakand” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘ayrat Negmatov va boshqa mas’ullar bilan qisqa muloqot davomida mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda turizmni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
[gallery-8531]
– Samarqand qadimdan dunyo ahli diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan va bundan keyin ham bu boqiy shahar barchani ohanrabodek o‘ziga jalb etishda davom etadi, – deydi Keyichiro Nakazava. – Samarqand xalqaro aeroportidagi bunyodkorlik ishlari haqiqatan ham kishi hayratini oshiradi. Endi undan oqilona foydalanib, mamlakat iqtisodiyoti rivoji yo‘lida samarali foydalanish zarur. Samarqand Yaponiyada eng ommaviy turizm yo‘nalishlaridan biri. Bu shaharga sayohatga kelish orzusidagi yaponiyaliklar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi. Samarqandlik mutasaddilar bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirib, yapon sayyohlari oqimini ko‘paytirish borasida hamkorlikni taklif qildik. O‘ylaymizki, hamkorligimiz mazkur sohada ham ijobiy natija beradi.
Tashrif davomida mehmonlar “Afrosiyob” muzeyi, Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Registon maydoni kabi yurtimizning boy madaniy merosi, tarixi mujassam bo‘lgan betakror obidalari bilan tanishdi.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA