Yaponiyalik professorlar Qorako‘lda
Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hokimligida xalqaro pedagog-konsultantlar Mayako Emori va Hisao Shimomachi tantanali kutib olindi.
Tuman hokimi Xurshid Tohirov va yaponiyalik ekspertlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kelgusidagi reja va dasturlar, yapon tajribasi va Qorako‘l yoshlarining aniq fanlarga bo‘lgan iste’dodi uyg‘unligi bo‘yicha amalga oshiriladigan yangi loyihalar muhokama etildi. Tuman ta’lim tizimi rivojiga, ayniqsa, uning dunyo standartlari darajasiga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar ham yo‘q emas. Bular nimalardan iborat va ularni bartaraf etish yo‘llari qanday.? Shu xususida muzokaralar olib borildi.
– Biz uchun Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek yuksak maqsad uchun kurashilayotgan hozirgi jarayonda maqtovdan ko‘ra, kamchiliklarni tanqid qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni eshitish ming barobar muhim va foydalidir, – deydi tuman hokimi Xurshid Tohirov.
Bir oy davomida yapon va qorako‘llik mutaxassislarning takliflarini diqqat bilan o‘rganib, xolis xulosalarga kelgan holda amaliyotga joriy qilish lozimligi aytib o‘tildi. Joriy yilning 28 oktyabrdan 25 noyabrgacha xalqaro pedagog-konsultant Mayako Emori va Hisao Shimomachilar Qorako‘l tumanida bo‘lib, tumandagi umumta’lim maktablarida o‘qituvchilar faoliyati va o‘quvchilarning dars jarayoniga ishtirokini kuzatishadi. Tuman ziyolilari va yapon pedagoglari o‘rtasida dars o‘tish metodikasi bo‘yicha tajribalar almashiladi. Tuman hokimi Xurshid Tohirov boshchiligida yapon va o‘zbek pedagoglaridan iborat tuman ta’lim kengashiga asos solinadi.
Ma’lumot uchun, Mayako Emori Yaponiyada chop etiladigan “Karera” jurnali muharriri va dunyoga mashhur “Recruit” kompaniyasida Pedagogika bo‘yicha faoliyat olib borgan. Hozirda xorijiy mamlakatlarda ta’lim va pedagogikani rivojlantirish bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Hisao Shimomachi esa uzoq yillar maktabda matematika o‘qituvchisi, maktab direktori bo‘lib ishlagan. Matematika fanini qiziqarli, hayotiy qilib o‘rgatish bo‘yicha yangi metodlarga bag‘ishlangan kitoblar muallifi. Hozirgi kunda ham maktabda matematika fanidan saboq beradi. Ta’lim bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Zarif Komilov, O‘zA