Yaponiyaga 2.5 mln dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi (+video)
O‘zbekiston eksportida o‘sish sur’atlari davom etmoqda. Misol uchun, Yaponiyaga 2026-yilning 1-yarim yilligida qiymati salkam 2.5 million dollarga yaqin meva-sabzavot eksport qilindi. Kunchiqar yurt iste’molchilari mamlakatimizda yetishtirilgan anor, poliz mahsulotlari va quritilgan mevalarni afzal bilishadi.
Sharqiy Osiyoning eng rivojlangan davlatlaridan hisoblangan Yaponiya hududida 14 mingdan ziyod orol mavjud. Biroq barchasida ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoni yo‘q. Sababi orollarning katta qismi tog‘lar va vulqonlardan iborat. Shuning uchun ham kunchiqar mamlakatda meva-sabzavotlar nisbatan qimmat va asosan import qilinadi.
- Bu yerda oziq-ovqat mahsulotlariga talab juda yuqori, lekin birinchi navbatda sifat va ishonch, -deydi O‘zbekiston-Yaponiya savdo uyi direktori o‘rinbosari
Mirjalol Mengboyev. – Mahsulot qanday tayyor bo‘ldi? Qanday yetib kelganini karantin xizmatlari yaxshilab tekshiradi. Tekshiruvlar juda ko‘p va mahsulotga qarab talab oshib boraveradi. Hammasi chig‘iriqdan o‘tganidan keyin Yaponiya bozoriga kirib keladi. Iste’molchi ham karantin xizmatlariga ishonadi. Shundayam qadoqda mahsulot haqida keng ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Mazkur bozorda oziq-ovqat mahsulotlari importiga talablar yuqori. 2 yil avval mamlakatimiz eksport ro‘yxatida Yaponiya 50 o‘rinni egallagan bo‘lsa, joriy yilning 1-yarim yilligida 2 karra yuqorilab, 24 pog‘onadan joy oldi.
- 2026-yil birinchi yarim yillikda O‘zbekistondan Yaponiyaga 2.4 million AQSH dollari qiymatidagi meva-sabzavotlar eksport qilindi, - deydi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassisi Nargiza Murodjonova. – Eksport qiymati 2025-yil mos davriga nisbatan 2.1 mln AQSH dollariga oshib, 7.7 barobarni tashkil etdi. Ushbu davrda 6ta eksportchi korxonamiz Yaponiya davlatiga 8 turdagi mahsulotni yetkazib bergan. Eksportning asosiy qismini mosh mahsuloti tashkil etib, umumiy eksportning 93 foizini tashkil qildi.
Oziq-ovqat mahsulotlari sektorida, Yaponiya iste’mol bozorida O‘zbekistonning raqobatchilari ham kuchli. Misol uchun, uzum Chili, Avstraliya, AQSH, mayiz, Turkiya, AQSH, Xitoy, anor esa Vetnam, Chili kabi davlatlardan olib kelinadi. Bu esa tadbirkorlarimiz uchun sog‘lom raqobat muhiti va aynan shunday sharoitda xalqaro standartlarga mos mahsulotlarni yetishtirish va ishlab chiqarishni talab etadi. Ushbu yo‘nalishda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan o‘zbekistonlik eksportyorlarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda, natijada mahsulotlarimiz yuqori darajadagi bozorlarni ham zabt etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mbXbVD9qgPQ" title="Yaponiyaga 2.5 mln dollarlik meva-sabzavot eksport qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA