Yaponiyada yozgi Osiyo o‘yinlari oldidan xalqaro test musobaqasi o‘tkazildi
Yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan kurash musobaqalarining tashkiliy, texnik va operatsion jarayonlarini sinovdan o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan turnirda Yaponiya, Tailand, Koreya Respublikasi, Xitoy Taypeyi, Vetnam hamda janubiy va janubi-sharqiy Osiyoning bir qator mamlakatlaridan terma jamoalar ishtirok etdi.
Musobaqalar yozgi Osiyo o‘yinlari dasturidan joy olgan vazn toifalarida tashkil etildi. Erkaklar -66, -81 va +90 kilogrammda, ayollar esa -57, -78 va +87 kilo og‘irlikda bellashdi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi mutasaddilari hamda XX yozgi Osiyo o‘yinlari Tashkiliy qo‘mitasi a’zolari kuzatuvidagi musobaqalarda logistika, elektron boshqaruv tizimi, hakamlik jarayonlari hamda umumiy texnik mexanizmlar aniq sharoitda sinovdan o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan turnirda xalqaro texnik rasmiylar (ITO) faoliyati amaliyotda tekshirildi. Bu, kelgusi Osiyo o‘yinlari doirasida kurash musobaqalarini yuqori standartlarda tashkil etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida 45 mamlakat sportchilari 41 ta sportda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA