Yaponiya Suriyaga qo‘yilgan sanksiyani bekor qildi
Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi mamlakat hukumati Suriyaning neft, bank va telekommunikatsiya sohalarida faoliyat yurituvchi qator davlat agentliklari hamda kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan cheklov bekor qilinishini bildirdi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, xususan Mudofaa va Ichki ishlar vazirliklariga qarshi qo‘llangan chora olib tashlandi. Shuningdek, “Syrian Petroleum Company”, “Syria Trading Oil Company”, “Commercial Bank of Syria” va “Syriatel” kabi yirik jamoalar aktivini muzlatish bo‘yicha ilgari amalda bo‘lgan cheklov ham kuchini yo‘qotdi.
Kun chiqar yurt diplomatik idorasi qaror ushbu arab diyoridagi siyosiy va ijtimoiy o‘zgarish hamda ikki tomonlama munosabatning hozirgi bosqichini e’tiborga olgan holda qabul qilinganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil Tokio Suriyaga qarshi sanksiya tartibini qisman yumshatib, “Industrial Bank”, “Popular Credit Bank”, “Saving Bank” va “Agricultural Cooperative Bank” kabi moliya muassasalarini qora ro‘yxatdan chiqargan edi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA