Yaponiya siyosati bugungi kunning qisqa muddatli munosabatlariga emas, ertaning istiqboliga qaratilgan
O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlariga nazar tashlasak, o‘zaro oliy darajadagi tashriflar aloqalarni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shgan.
O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlariga nazar tashlasak, o‘zaro oliy darajadagi tashriflar aloqalarni mustahkamlashga alohida hissa qo‘shgan.
2015 yil 24 oktabrda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashishga imkon berdi.
O‘zbekiston Yaponiyaga ulkan siyosiy, iqtisodiy, intellektual va investitsion salohiyatga ega, taraqqiy etgan davlatlardan biri, vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli sherik sifatida qaraydi.
Ana shunday ijobiy o‘suvchanlik mamlakatlarimizning parlamentlararo aloqalariga ham xosdir. Kunchiqar yurt qonunchilik organida “Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi” tuzilgan.
O‘z navbatida respublikamizda “Oliy Majlis — Yaponiya parlamenti” parlamentlararo guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasidagi maslahatlashuvlar ham muntazam tus olgan. Mazkur maslahatlashuvlarning so‘nggi — o‘n oltinchi uchrashuvi 2016 yil 24 mart kuni Tokioda bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali o‘zaro hamkorlikni kuzatish mumkin. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik bo‘lgan dolzarb masalalar yuzasidan o‘xshash nuqtai nazarlarga tayangan holda ikki davlat bir-birining xalqaro tashabbuslarini hamda ko‘p tomonlama tizimlarning vakillik organlariga bir-birining nomzodlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
“MARKAZIY OSIYo + YaPONIYa” ShAKLIDAGI ALOQALAR FAOLLIK BILAN RIVOJLANIB BORAYaPTI
O‘zbek va yapon xalqlarining o‘xshash jihatlari ko‘p. Milliy g‘urur, birdamlik, mehnatsevarlik, sadoqat, mehr-oqibat kabi fazilatlar ikki xalq uchun birdek xosdir.
Ikki mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanib bormoqda. Bu o‘zaro hamkorlikni barcha sohalarda kengaytirish uchun sharoit yaratadi. O‘zbekiston va Yaponiyaning ulkan iqtisodiy imkoniyatlari — tabiiy boyliklari va yuqori texnologiyalari, ilmiy salohiyati, moliyaviy va mehnat resurslari bir-birini to‘ldiradi.
Mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar 2002 yil iyul oyida imzolangan Do‘stlik, strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot ruhida izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston bilan Yaponiya xalqaro tashkilotlar doirasida ham samarali hamkor. Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash yoki yaqindir.
O‘zbekiston Yaponiyaning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, yadro qurolini tarqatmaslik, ekologik muammolarni bartaraf etishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi, BMT Xavfsizlik kengashi doimiy a’zoligiga Yaponiya nomzodini yoqlaydi.
Yaponiya O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan, O‘zbekistonning hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuqori baholab keladi. Tomonlar “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqot mexanizmi doirasida ham ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirmoqda.
O‘zbekiston bilan Yaponiya Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashda faol ishtirok etmoqda. Afg‘onistonda harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan tinchlik o‘rnatib bo‘lmasligi, BMT shafeligida qarama-qarshi tomonlar o‘rtasida siyosiy muzokaralar o‘tkazish va ichki kelishuvga erishish eng to‘g‘ri va yagona yo‘l ekanini har ikki tomon yakdillik bilan ta’kidlaydi.
Ikki mamlakat o‘rtasida savdo-sotiq sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. Savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish borasida hukumatlararo majlislar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya va Yaponiya-O‘zbekiston qo‘mitalari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, yangi imkoniyatlarni izlash va qo‘shma loyihalar ishlab chiqishda muhim o‘rin tutmoqda.
O‘zbekiston-Yaponiya savdo aylanmasi tobora kengayib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘rsatkichlar davlatlarimiz salohiyatiga mos emas. O‘zbekistonda kunchiqar mamlakatning 13 ta kompaniyasi vakolatxonasi ochilgan, yaponiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 10 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ular orasida “Isuzu”, “Itochu”, “Toyota Tsusho”, “Marubeni”, “Mitsubishi”, JOGMEC (Japan Oil, Gas and Metals National Corporation) singari kompaniyalar bor.
Yaponiyaning respublikamizga ko‘rsatgan moliyaviy-texnikaviy ko‘magi bilan sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, telekommunikatsiya sohalari hamda boshqa yo‘nalishlarda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator infratuzilmaviy loyihalar hayotga tatbiq etildi.
Hozirgi paytda “Qarshi-Termiz temir yo‘lini elektrlashtirish”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasini kengaytirish. II bosqich”, “Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasini modernizatsiyalash”, “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi qurilishi”, “Elektroenergetika jabhasi salohiyatini oshirish” va “Amu-Buxoro mashina kanali tizimini qayta tiklash” loyihalari amalga oshirilmoqda.
HAMKORLIKNING BOShQA YO‘NALIShLARI
Hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bilan birga, ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar ham izchil kengayib bormoqda. 2 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik mutaxassislar JICA tashkilotchiligida biznes, bank-moliya jabhasi, qishloq xo‘jaligi, transport, telekommunikatsiya, menejment, sog‘liqni saqlash, huquqshunoslik va sayyohlik yo‘nalishlari bo‘yicha Yaponiyada malaka oshirdi.
Kunchiqar mamlakat hukumati granti doirasida har yili 15 nafar yurtdoshimiz Yaponiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Bugungi kunda Yaponiya O‘zbekiston iqtisodiyotining eng yirik sarmoyadorlaridan biri hisoblanadi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamda Yaponiya tashqi savdo tashkilotining (JETRO) mintaqaviy idoralari ishbilarmon va jamoatchilik doiralari o‘rtasida aloqalar o‘rnatilishi hamda beg‘araz va texnikaviy yordam ko‘rsatilishiga ko‘maklashmoqda. Respublikamizga taqdim etilgan moliyaviy mablag‘larning umumiy hajmi 4,1 milliard AQSh dollaridan ziyodni tashkil qiladi.
Tokioda buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgani hamda Toshkentda Yapon bog‘ining tashkil qilingani, shuningdek, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida ochilgan Xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yapon olimi va rassomi Ikuo Xirayamaning nomi berilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro hurmat hamda yaqinlikni yaqqol namoyon etadi.
Taniqli arxeolog olim Kyudzo Kato (2016 yil 12 sentabr kuni Termizda vafot etdi) o‘zbek xalqining bebaho merosini o‘rganishga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali munosabatlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.
Yapon professorining ko‘pgina tadqiqotlari Buyuk Ipak yo‘lini o‘rganish va qadimgi Baqtriya davlatini tadqiq etishga bag‘ishlangan edi. U Mirzo Ulug‘bek, Bobur va boshqa buyuk ajdodlarimizning asarlarini yapon tiliga tarjima qildi. Shubha yo‘qki, olimning ilmiy-ijodiy ishlari o‘z dolzarbligini yo‘qotmagani holda kelgusi avlodlar tomonidan ham qiziqish bilan o‘rganiladi.
Diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yilganiga chorak asrdan ko‘roq vaqt o‘tishi bilan O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar kamolot hamda barqarorlikning yangi bosqichiga kirdi.
Tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimizni ikki xalq farovonligi yo‘lidagi uzoq muddatli va ko‘p qirrali hamkorlikning yanada rivojlanishi kutayotganiga aslo shubha yo‘q.
Ikki mamlakat hamkorlikni mustahkamlashda madaniy-gumanitar aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Taraqqiyotga rasmiy yordam dasturi doirasida hamda Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yaponiyada O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari tashkil etilmoqda. Kunchiqar yurt ijodkorlari mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro anjumanlar, xususan, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashib kelmoqda.
Poytaxtimizda Yapon bog‘i tashkil etilgani, Tokioda buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgani, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi xalqaro madaniyat karvonsaroyiga yaponiyalik olim va musavvir Ikuo Xirayama nomi berilgani xalqlarimizning madaniy yaqinligi ifodasidir.
FAN-TA’LIM SOHASIDAGI HAMKORLIK
Fan-ta’lim sohasidagi hamkorlik ham faollashmoqda. O‘zbekiston – Yaponiya markazi kadrlar malakasini oshirish, “O‘zbekiston-Yaponiya” hamda “Yaponiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari xalqlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
2015 yildan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida yapon tili birinchi xorijiy til sifatida o‘qitila boshlandi. Yaponiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati keng yoritilmoqda. Mamlakatimizga kelayotgan yaponiyalik sayyohlar yildan yilga ko‘paymoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining qurilishida Ikkinchi jahon urushi yillarida taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan yaponiyaliklar ham ishtirok etgan.
Yapon harbiylari mangu qo‘nim topgan maskan, ular xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik Kunchiqar yurt vakillarini behad quvontirmoqda. Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe 2015 yilgi tashrifi chog‘ida bu joy obod maskanga aylantirilgani, vatandoshlarining xotirasi abadiylashtirilgani uchun mamlakatimiz rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan edi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muloqotlar chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalarda aloqalarni yanada faollashtirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solish, hamkorlik salohiyatini to‘liq yuzaga chiqarish yo‘llari muhokama qilinadi. Muzokaralar natijasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinadi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanadi.
Yaponiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi Yoshinori Fujiyama ish boshlaganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. U o‘z intervyularining birida O‘zbekiston rahbarining bo‘lajak tashrifi Yaponiya uchun juda muhim, deb bayonot berdi.
Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim rolga ega. Shu sababli O‘zbekiston Prezidentining Yaponiyaga tashrifi ikki davlat munosabatlarida tub burilish yasaydi.
Yaponiya O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga intilishini bayon etmoqda. Elchi Fujiyamaning aytishicha, Yaponiya kompaniyalarining investitsiyalarini jalb etish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirmoqchi. Chunki O‘zbekiston bu sohalarda ulkan salohiyatga ega.
Keyingi paytlarda Kunchiqar yurt davlati Markaziy Osiyoga oid yangicha siyosat yuritmoqda. Mintaqa davlatlariga yaxlit organizm sifatida qaramoqda.
Shu bilan birga, hozirgi bosqichda Yaponiya va mintaqa davlatlari o‘rtasida qandaydir yirik ziddiyatlar yoki prinsipial muammolar mavjud emas. Umuman, o‘zaro hamkorlikni faol oshirishga hech narsa to‘sqinlik qilolmaydi. Ko‘plab tadqiqotchilarning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Yaponiyaning boshqa davlatlar bilan taqqoslaganda nufuzi birmuncha yuqori.
Yaponiya muhtoj davlatlarga samimiy yordam berishga intilayotgan do‘stona va tinchliksevar mamlakat degan ijobiy obrazga ega. Yaponiya hukumat dasturi – rivojlanayotgan mamlakatlarga rasmiy yordam dasturi (RRYo) doirasida mintaqamiz davlatlariga iqtisodiy, texnik va beg‘araz ko‘mak ko‘rsatayotgan birinchi darajali donorlardan sanaladi.
1997 yilda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Nakadzima shunday degan edi: “Biz bu yerda zarar bilan ishladik va ishlayapmiz, ammo bizning mintaqadan ketish niyatimiz yo‘q. Biz boymiz, bunga ko‘z yuma olamiz, baribir yaxshi kelajakni kutamiz”.
Albatta, Tokioning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yetishishi uchun Markaziy Osiyoda xavfsizlik ta’minlanishi zarur. Tabiiyki, xavfsizlik ta’minlanishi ostida Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlashuvi nazarda tutiladi. 2001 yildan beri afg‘on mavzusi Yaponiyaning Markaziy Osiyoga oid siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.
Aslida Yaponiyaning imkoniyatlari yuqori, uni bu yerda tinchlikparvar davlat sifatida hurmat qilishadi. Shuning uchun Tokio asosiy e’tiborni mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi.
Rasmiy Tokio bir necha bor mintaqada shunchaki hamkorlikni dastaklamaydi, balki uning tashabbuskori bo‘lishini ma’lum qilgan. Markaziy Osiyoni o‘rganayotgan yapon olimlari va ekspertlari fikricha, mintaqada integratsiya jarayonlarini tezlashtirish zarur.
”Yaponiya + Markaziy Osiyo” muloqoti forumining yo‘lga qo‘yilishi sababi shunda. Keyinroq Janubiy Koreya, YeI va AQSh ham “MO+1” forumlarini o‘tkaza boshladi.
Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi siyosati boshqa rivojlanayotgan davlatlar bilan munosabatlaridagi ish tajribasiga asoslanadi hamda yordam, texnik ko‘mak va kadrlarni tarbiyalash kabi turli dasturlarni amalga oshiradi, shunda ham yoshlarning mustaqil rivojlanishga nisbatan qobiliyatlarini namoyon etishiga yordam beradi.
Bir qarashda Yaponiyaning mazkur mintaqadagi siyosati jo‘g‘rofiy uzoqligi nuqtai nazaridan istiqbolsiz ko‘rinadi. Ammo Yaponiya mintaqaviy tashabbuslarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, Yaponiyaning mintaqadagi siyosati bugungi kunning qisqa muddatli munosabatlariga emas, aksincha, ertaning uzoq muddatli istiqboliga qaratilgan.
Diplomatiyaning butun tarixi mobaynida Yaponiya hech qachon “bir martali” aksiyalar bilan cheklanib qolmagan, uning siyosati doimo uzoq muddatli choralarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Buning oqibatida yapon pragmatizmi Markaziy Osiyoga oid tashqi siyosatning asosiy tamoyillari bo‘ladigan uchta yo‘nalishni belgiladi: birinchidan, MOga uzoq muddatli istiqbolni hisobga olgan holda yondashuv, ikkinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va ochiq mintaqaviy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, uchinchidan, mintaqada o‘zaro manfaatli sheriklikni qidirish.
Shu asnoda 2004 yilda ishlab chiqilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi tashabbus hamkorlikka va mintaqaviy o‘zaro harakatlarga ko‘maklashish uchun muntazam uchrashuvlar o‘tkazishni ko‘zda tutadi.
Muloqotda hamkorlikning 5 ta yo‘nalishi belgilangan: siyosiy muloqot, ichki mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, biznesni rag‘batlantirish, intellektual muloqot, madaniy aloqalar va odamlar almashinuvi.
Bu siyosatning muntazamlik kasb etishi mintaqamizda yirik davlatlar raqobati o‘rtasida mutanosiblikning ta’minlanishiga, tinchlik va xavfsizlikning barqarorligiga xizmat qiladi.
Abduvali Soyibnazarov