Yaponiya harbiy strategiyasini o‘zgartirmoqda
Yaponiya Mudofaa vazirligi 2027 moliya yili uchun 8,9 trillion iyena (55,6 milliard dollar) miqdorida mudofaa byudjeti so‘radi. Bu joriy yilgi miqdordan biroz ko‘p. Shuningdek, Bosh vazir Sanae Takaichi hukumati yangi xavfsizlik va mudofaa strategiyasini qabul qilgach, mudofaa xarajati yanada oshishi kutilyapti.
Yaponiya zamonaviy tahdidga moslashish maqsadida dron, sun’iy intellekt va yangi harbiy texnologiyadan kengroq foydalanishni rejalashtirmoqda. Ukrainadagi urushda drondan foydalanish tajribasi ham inobatga olinyapti. Mudofaa vazirligi arzon va uchuvchisiz qurolni mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, hujumkor dronni uzoq masofali raketa bilan birga qo‘llashni ko‘zlayapti. Bu inson yo‘qotishini kamaytirish, mamlakatning mudofaa hamda qarshi zarba berish salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, Yaponiya suv usti va suv osti maydonidan uchiriladigan uchuvchisiz qurilmalar hamda suv osti kemalaridan ko‘tariladigan giper tovushli raketa ishlab chiqishga e’tibor qaratmoqda. Zero, boshqaruvchisiz tizimdan foydalanish mamlakatdagi harbiy xizmatchilar tanqisligini qisman qoplashga ham xizmat qiladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA