Yaponiya haqida nimalarni bilamiz?
Yaponiya bu nafaqat texnologiya yoki turizm rivojlangan o‘lka, balki tarixiy an’analar, mehmondo‘stlik va ma’naviy qadriyatlar uyg‘unlashgan betakror madaniyatga ega mamlakatdir. U yerda qadimiy urf-odatlar zamonaviy hayot bilan birga yashaydi, insonga hurmat va tartib-intizom esa jamiyatning asosiy tamoyili hisoblanadi. Kunchiqar yurt haqida eshitganimiz ko‘p, ammo u nimasi bilan dunyo ahlini o‘ziga mahliyo etayotganini quyidagi faktlar orqali ko‘rib chiqamiz.

Nega aynan “Quyosh yurti”?
Yaponiyaliklar o‘z mamlakati nomini “Nippon” deb ataydi, bu “kunchiqar yurt” degan ma’noni anglatadi. Bu nom o‘lkaning geografiyasi va xalqining dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liq. Qolaversa, bu qarash yapon millatining tabiatga bo‘lgan hurmatini ham aks ettiradi.

Yuqori texnologiyalar va sifatli xizmat ko‘rsatish
Yaponiya yangi texnologiyalarni faqatgina ishlab chiqarmay, balki uni kundalik hayotga ham tatbiq etadi. Masalan, mamlakat bo‘ylab 5 milliondan ortiq “vending machines” (avtomat mashinalar) mavjud bo‘lib, unda ichimlik, kitoblar, hatto issiq taomlar ham sotiladi. Bu yaponlarning qulaylikka bo‘lgan yuqori talabini aks ettiradi.

Shibuya chorrahasi
Tokiodagi Shibuya chorraxasi dunyodagi eng tirband yo‘llardan biri hisoblanib, bir vaqtning o‘zida 3 000 nafar odam harakat qilishi mumkin. Bu zamonaviy Yaponiya hayotining energiyasi va dinamikasini ko‘rsatadi.

Transport tizimi
Ma’lumki, Yaponiya transport tizimi butun dunyoda mashhur. Xususan,“Shinkansen” avto tizimi manzildan manzilga borishni nafaqat tez, balki yuqori aniqlikda amalga oshirish vositasi hisoblanadi. U harakat grafigida hatto daqiqalar doirasida ham xatoga yo‘l qo‘ymaydi.

Millionlab mehmonlarning tashrifi
So‘nggi ikki yilda ushbu yurtga sayohat qiluvchilar soni sezilarli darajada oshdi. Statistikaga ko‘ra, o‘tgan yilnig o‘zida mamlakatga 36 milliondan ziyod turist tashrif buyurgan. Hukumat 2030 yilgacha 60 million turistni qabul qilishni maqsad qilgan. Bu mamlakatning madaniy va tabiiy jozibadorligi dunyo miqyosida qanchalar qiziqish uyg‘otganidan dalolat beradi.

Tozalik va xavfsizlik
Bilamizki, Yaponiya dunyodagi eng toza va xavfsiz davlatlardan biri hisoblanadi. U yerda jamoat joylari, shahar ko‘chalari va ulovlar har doim toza saqlanadi. Bu nafaqat texnik jihatdan, balki jamoatchilik madaniyati va insonlar o‘rtasidagi hurmatning ifodasidir. 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan futbol bo‘yicha Jahon chempionatida yapon futbolchilari va muxlislari tozalikka amal qilishning yorqin namunasini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘yishdi. Germaniya qarshi uchrashuvdan so‘ng yaponiyalik futbolchilar kiyinish xonasini tozalab, 11 ta qush shaklidagi origami yasab ketishgan. Origami san’ati yaponlar madaniyatining bir qismi, tarixda hatto samuraylar origami shakllarini yasay olishi shart hisoblangan. Muxlislar esa har doim o‘zlarining ozodalikni qadrlashi, mehmon bo‘lib borgan joyini hurmat qilishi bilan barchani hayratda qoldirib keladi.

O‘rtacha umr ko‘rish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan
Yaponlar jahondagi eng uzoq yashaydigan xalqlardan biri hisoblanadi. Bu yerda o‘rtacha umr ko‘rish va hayot sifati yuqori bo‘lib, bu holat sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq.

O‘zbekistonliklarning Yaponiyaga qiziqishi ortmoqda
E’tiborli jihati, vatandoshlarimiz orasida Yaponiyaga qiziqish oshib bormoqda. 2025 yilning yanvar‑iyul oylarida 1 700 dan ortiq hamyurtimiz Yaponiyaga safar qilgan. Bu o‘tgan davrga nisbatan sezilarli o‘sish hisoblanadi.

O‘zaro madaniy aloqalar
Yaponiyalik olimlar va tadqiqotchilar O‘zbekiston madaniy merosini va ilmiy salohiyatini yuqori baholaydilar. Bunga misol tariqasida yaqinda Tokioda “O‘zbekiston va Yaponiya – Buyuk Ipak yo‘lida” mavzusida hamkorlikda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyani keltirish mumkin.
D.Hakimov tayyorladi,
O‘zA