Yapon tadbirkorlari Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati bilan tanishish hamda kelgusida savdo, turizm va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish uchun Termiz shahriga Yaponiya tadbirkorlari delegatsiyasi keldi.
Kunchiqar mamlakat ishbilarmonlari o‘z safarini viloyatdagi ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish korxonalari bilan tanishish va qadimiy arxeologik yodgorliklarni tomosha qilish bilan boshladi.

Mehmonlar dastlab Termiz tumanidagi “Termez National Carpets” mas’uliyati cheklangan jamiyatining gilam ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi. Xorijning zamonaviy dastgohlari bilan jihozlangan korxonani barpo etish uchun 20,2 million yevro miqdorida mablag‘ sarflangan. Ayni paytda bu yerda yuzdan ortiq ishchi mehnat qilib, raqobatbardosh turli gilamlar ishlab chiqarmoqda.
Yaponiyalik tadbirkorlar korxona sexlarida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari, xomashyo va tayyor mahsulot sifati bilan qiziqdi. Shu yerda ularga korxonaning ishlab chiqarish quvvati, ip tayyorlash, gilamlarga jilo berish va sifati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Surxondaryoning boy tarixi, noyob arxeologik yodgorliklari dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otib, qadimiy go‘sha dovrug‘ini jahonga keng tarannum etmoqda. O‘tmishdan dunyo tamaddunida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan vohaning Sho‘rchi tumanidagi Dalvarzintepa yodgorligi xarobalari Kushonlar davlatining birinchi poytaxti hisoblanadi.

Ko‘chmanchi yuechjilar qabilasining qadimgi Baqtriya o‘lkasiga Shimoli-sharqiy hududlardan kelib o‘rnashishi va o‘troqlashishi natijasida miloddan avvalgi I asrda bu hududda Buyuk Kushonlar saltanatiga asos solingan. Viloyatda Kushonlar davriga oid turli arxeologik yodgorliklar saqlanib qolgan. Mehmonlar Termiz tumanidagi Fayoztepa va Qoratepa arxeologik yodgorliklarida bo‘lib, uning tarixi, madaniyati, shaharsozligi, budda dinining shakllanishi xususida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Termiz shahridagi “Mashhura” tibbiy diagnostika va “Termiz” xalqaro savdo markazlari bilan tanishuv ham mehmonlarda boy taassurot uyg‘otdi. Shuningdek, Termiz arxeologiya muzeyi va “Termiz” davlat muzey-qo‘riqxonalarini tomosha qilish, viloyat hokimligi rasmiy qabullar uyida kivi ko‘chatlarini ekish marosimida ishtirok etish ham rejalashtirilgan.
Safar doirasida yaponiyalik ishbilarmonlarni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov qabul qiladi. Surxondaryo – Yaponiya biznes forumi va “B2B”, “B2G” tartibidagi uchrashuvlarda mahalliy hamda yapon tadbirkorlari o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri