Yanvar-iyul oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish 7,8 foizga oshdi
Energetika vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, 2026-yil yanvar-iyul oylarida mamlakatimizda 54,3 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 milliard kilovatt-soat yoki 7,8 foizga ko‘p.
Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 38,9 milliard kilovatt-soati issiqlik elektr stansiyalari, 7,5 milliard kilovatt-soati katta quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari, 5,4 milliard kilovatt-soati gidroelektr stansiyalar, 1,9 milliard kilovatt-soati kichik quvvatli quyosh panellari (Rooftop) hamda 593,7 million kilovatt-soati blok-stansiyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Qayd etilishicha, yanvar-iyul oylarida respublikada elektr energiyasi iste’moli 52,9 milliard kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 2,6 milliard kilovatt-soat yoki 5,2 foizga ko‘p.
Shuningdek, joriy yil iyul oyining o‘zida respublikada 8,9 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan 920,3 million kilovatt-soat yoki 11,6 foizga oshgan.
Iyul oyida respublikada elektr energiyasi iste’moli 8,8 milliard kilovatt-soatni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 638,8 million kilovatt-soat yoki 7,8 foizga ko‘paygan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA