Yangiyerda «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishiga start berildi
Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida odamlar pastqam va ko‘rimsiz xonadonlarda istiqomat qilardi.
Aholi yillar davomida ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolardan qiynalib keldi. So‘nggi yillarda esa Yangiyer ko‘rkam shaharga aylanmoqda.
bugungi kunda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi har qachongidan-da dolzarb. Shu bois Prezidentimiz raisligida 2 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uy-joylarni puxta loyihalashtirish, hududlarda ko‘proq bog‘ va xiyobonlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatning to‘rt hududi – Guliston, Yangiyer shaharlari hamda Sirdaryo, Guliston tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilishi bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan edi.
Endi Yangiyer shahrida ushbu yangi massiv qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Unda nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
– Viloyatda uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri reja tuzamiz, – deydi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev. – Chunki uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p.

Shuning uchun Yangiyerda ham yangi massiv qurishga kirishdik. Bu yerda jami 72 ta 5 va 7 qavatli 2 584 xonadonli turar joylar quriladi, 3 mingga yaqin oila yashaydi. Bugun mana shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga kirishar ekanmiz, avvalo ajdodlarimizning boy bilimi va tajribasiga, mehnatkash, bir so‘zli va tanti viloyat ahlining azmu shijoatiga suyanamiz.
Umumiy maydoni 50 gektar bo‘lgan yangi massivda 1400 o‘ringa ega bo‘lgan 1 ta maktab, 1 ta 1500 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chasi, 1 ta poliklinika, 2 ta Yoshlar mehnat guzari, 1 ta IT-park, 1 ta kovorking markazi, 10 ta savdo do‘koni, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta tikuvchilik sexi, 2 ta non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari quriladi. Viloyat hokimi ko‘rsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.

Yangi massiv loyihasida kommunikatsiya tarmoqlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda 7,5 km ichki yo‘llar, 3,5 km oqova suv tarmog‘i, 3,5 km ichimlik suvi, 2,5 km tabiiy gaz, 3 km elektr tarmoqlari tortiladi.
Shundan so‘ng yangi massiv qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA